Jahonga mashhur biznesmen hamyurtlarimiz
Xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli ishlab yurgan yuqori malakali olim, vrachlar, salohiyatli investorlarni yurtimizga taklif etib, o‘z bilim va tajribasini vatanimiz ravnaqi yo‘lida ishlatish uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqdamiz.
Blumberg agentligining (AQSh) bergan xabariga qaraganda Alisher Usmonov Maykrasoft kompaniyasining asoschisi Bil Geyts bilan boshlanadigan dunyoning 100 nafar eng boy kishilari qatoridan o‘rin olgan.
Alisher Usmonov 65 yoshda. U Namangan viloyatining Chust shahrida tavallud topgan. Tadbirkor. Rossiyadagi “USM (Usmonov) Holdings” kompaniyasining asoschisi.
“Yo‘q, bu ishni qilish mumkin emas, bizga bu to‘g‘ri kelmaydi, ular mutlaqo boshqa-boshqa narsa deb turganida Alisher Usmonov shu ishni qilsa bo‘ladi!”, deydi, shu ishni bajaradi va aytgan gapining ustidan chiqadi. Bu uning hayotda to‘plagan boy tajribasidan tashqari irodasidan, ko‘pqirrali qobiliyati, fe’lu-atvoridan darak beradi va hayotning tasdiqlashi bo‘yicha, tadbirkor tabiatidagi bu xislat uning katta muvaffaqiyatlarining asosi va garovi bo‘lib xizmat qilmoqda. “Men barcha ishlarni, butun-butun kompaniyalarni sinchkovlik bilan ipidan ignasigacha juda puxta o‘rganaman. Odamlarga ishonaman ma’qul bo‘lgan paytda, mening talablarimga to‘g‘ri keladigan odamga hamma narsamni ishonib topshirishga tayyorman. Sabot, matonatdan tashqari hissiyotlarga beriladigan odatim ham yo‘q emas”.
Alisher Burxonovich Usmanov u yoki bu voqea xususida biron-bir fikr bildiradigan bo‘lsa, odatda uning o‘ziga xos fikri, munosabati atrofidagilarning e’tiborisiz qolmaydi, gapi-so‘zining ta’sir kuchi katta, sezilarli bo‘lgan Rossiyaning eng badavlat milliarder tadbirkorlaridan hisoblanadi, deyishadi uni bilganlar.
Amerikaning “Forbs “ jurnali chop etila boshlaganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan: “Rossiyada kim yaxshi yashaydi?” deb 2013 yili o‘tkazilgan savol-javobda bunday kishilardan Rossiyada 200 nafari borligi ma’lum bo‘lgan. Ro‘yxat Alisher Usmonov nomi bilan boshlanadi. “Metalloinvest” hammuassisi Usmonov 17,6 milliard dollar mol-mulkka ega, deb qayd etiladi jurnal sahifalarida. Alisher Usmonov ikki yildan buyon Forbs jurnalidagi rus mulkdorlari reytingi ro‘yxatining birinchi o‘rnida turdi. Usmonov ketidan “Alfa-grupp”ning hammuassisi Mixail Fridman, undan keyin “Novatek”ning hammuassisi Leonid Mixelson, ana undan keyin Viktor Vekselberg, “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov, “abadiy bo‘ydoq” deb nom chiqargan Mixail Proxorov. Yetti bolaning otasi Roman Abramovichlar turishadi. Ko‘p bolali ota - (Abramovich)ning ustidan hazillashib bolalar boshini ko‘paytiraman deb, biznesda orqada qolayotgan Roman Abramovich o‘zining 10 milliard 200 million dollari bilan bu ro‘yxatda 13-o‘ringa tushib qolibdi.
“Vijdon pulning quli bo‘lmasligi, eng muhimi, pul vijdonni so‘ndirmasligi ham, o‘ldirmasligi ham kerak. Vijdonim bilan kelishgan holda hamoxang yashayman. Bu mening hayotdagi bosh va muhim maqsadim. Men hammavaqt bir narsani qaytarishdan tolmayman. O‘z xoxish-ixtiyorim bilan emas, ta’sir deymizmi, tazyiq ostida deymizmi, tasodifan biznesmen bo‘lib qolganman”.
"Gapning kalamullosini aytadigan bo‘lsak, pul, mablag‘ yoki daromad hayotimning asl maqsadi emas. Turli davlat va nodavlat radio, gazeta, televidenie yoki Internet e’lon qilayotgan reytinglar boy-badvalat biznesmenlarning asl holati haqida aniq ma’lumot bermaydi”, deydi Alisher Usmonov.
Shu yerda multimillioner yoki milliarder Alisher Usmonov o‘zining bosh maqsadini, hayotiy shiorini e’lon qilgandek bo‘ldi: Gap shundaki, biznesmenning butun molu mulki uning umr bo‘yi o‘zi uchun, yaqin kishilari uchun, xayr, sadaqa uchun, ya’ni homiylik yo‘lida sarf qiladigan xarajatlarning yig‘indisi bilan o‘lchanadi. Qolgan mablag‘i uniki emas. Mablag‘larim meni yangi-yangi ishlarga, loyihalarni amalga oshirishga chorlaydi. Kattadan-katta ijtimoiy loyihalarni ro‘yobga chiqarish, hayotga tadbiq etish imkonini beradi. Men yaqin orada “San’at va sport” xayriya fondimni o‘zimning bosh tashkilotim deb hisoblasam kerak,
deydi jahonga mashhur tadbirkor. Tadbirkorning bu gapini unchalik anglay olganimiz yo‘q. Bu gapidan u nima ishbilarmonlikni tashlab faqat sport va homiylik bilan shug‘ullanmoqchimi? Yana bilmadik. Har xolda uning shunday fikri, niyati ham yo‘q emas.
Xorijlik biznesmenlarning ta’kidlashi bo‘yicha, O‘zbekistonda ishbilarmonlik, tadbirkorlik bilan keng ko‘lamda shug‘ullanish imkoniyatlari chorak asrdan buyon mana endi ro‘yobga chiqa boshladi. Mamlakat iqtisodiyotini ravnaq toptirib, xalq turmush sharitini ko‘tarishga xizmat qiladigan bu xosiyatli jarayonning ko‘pchilikka, ayniqsa jahon hamjamiyatiga tushunarli qonun-qoidalari ishlab chiqilib hayotga tadbiq etilmoqda.
Ha, o‘tgan yillar mobaynida qanchadan-qancha imkoniyatlarni qo‘ldan boy berdik, achchiq bo‘lsa ham bu ginayu anduh, e’tirozu tanqidni tan olishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Axir rahbariyatimizning xalq dardiga quloq tutib, kamchiliklarni e’tirof etib, tavba-tazarruga qodir ekanligi tufayli, shuningdek, yer osti va yer usti boyliklarimiz, ayniqsa ko‘p yillik boy tajribamiz, mehnatkash xalqimiz borligi uchun ham butun jahon bugun O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga favqulodda bir katta qiziqish bilan qaramoqda, investisiyalar kirib kelyapti, yangi turar joylar qurilib, ma’dan konlari ochilib, ulkan sanoat korxonalari qad ko‘tarmoqda, noyob Toshkent-siti xalqaro biznes-markazi barpo etilmoqda. Tadbirkorlik uchun yangi muhit, qulay sharoit yaratilyapti, ishga yondashuv va undagi siyosat o‘zgarib jahonga mashhur O‘zbekiston farzandlarining o‘z vataniga qiziqishi, ilgari so‘nmagan bo‘lsa ham, yanada ortib bormoqda.
Birgina misol. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Moskvaga qilgan tashrifi chog‘ida imzolangan bitimlarga asosan O‘zbekistonga 12 millard dollarga investisiya kiritildi. Faqat savdo bo‘yicha imzolangan kontraktlar umumiy bahosining o‘zi 3,8 millirad AQSh valyutasini tashkil qildi. Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida ilgari tovar ayriboshlash 4 millard dollar bo‘lgan bo‘lsa, endi bu raqam yana bir milliardga ortib, 5 milliard dollarga yetkaziladi.
O‘zbekiston shaxdam qadam tashlab, katta sur’atlar bilan rivojlanayotgan bugungi dorulomon kunlarda Rossiyada yashaydigan va, bir daqiqa bo‘lsa ham, vatanini unutmagan hamyurtlarimizning o‘z vataniga, ona-eriga qiziqishi ortdi. Ular O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarda ishtirok etish istaklarini bildirishmoqda. Moskva OAVlarining xabariga qaraganda namanganlik jahonga mashhur biznesmen Alisher Usmonov Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga yo‘naltirgan hatti-harakatlarini ancha faollashtirgan.
Alisher Usmanov... Rossiyada istiqomat qiladigan jahonga mashhur o‘zbek biznesmeni. Hozir u o‘zining nomidagi “USM Holdings” kompaniyasining 48 % aksiyalari paketiga va Baykaldagi “Metalloinvest” tog‘-kon kompaniyasiga ega. Shuningdek, Usmonovning “Noviy (yangi) media xolding”, “Kommersant’” nashriyot uyi, “Ximki Grupp” developmentida ham salmoqli ulushi bor.
Alisher Usmonov 1953 yili 9 sentabr kuni Chust shahrida tug‘ilgan. Uning oilasi kambag‘allik nima ekanligini bilmaydigan oilalardan edi. Otasi Toshkent shahar prokurori bo‘lib ishlagan. Unga bolaligidan istagan narasini muhayyo etishardi. Boy oilaning to‘q bolalari katta bo‘lganida kim bo‘lishi masalasi juda baxsli va noma’lum. O‘ziga to‘q kamchiligi yo‘q oilalardan kim-qancha va qanday odamlar chiqmadi, deysiz?!
Oila boshlig‘i Burxon ota Usmonov qattiqqo‘l, bolalarning ko‘ngliga qarab o‘tirmaydigan talabchan kishi bo‘lib oilada ham, do‘stlari orasida ham katta hurmatga sazovor bo‘lgan kishi edi. U o‘g‘lining o‘qishga va sportga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib uni qo‘llab-quvvatladi. Yog‘ochdan yo‘nilgan qilich bilan qilichvozlik qilayotganini ko‘rib esa unga kerakli bo‘lgan barcha sport asbob va anjomlarini sotib olib beradi va fextovanie seksiyasiga borib yozdiradi.
Alisher sport bilan shunchaki hazilakam emas balki jiddiy ravishda shug‘ullana boshladi va hamma bo‘sh vaqtlarini sport mashg‘ulotlarida o‘tkazdi. U tez orada sevgan sport turi bo‘yicha jiddiy natijalarni qo‘lga kirita boshladi va sport olamida musobaqalarda qilichvozlar orasida doimo g‘olib chiqadigan Alisher ismli yosh bola paydo bo‘ladi. Yarim yil o‘tar-o‘tmas u Respublika o‘smirlar terma komandasi tarkibiga olindi. Bir nechta jiddiy raqiblar bilan o‘tgan g‘alabalaridan so‘ng esa SSSR terma komandasiga olindi. Chustlik o‘spirin ko‘p o‘qiydigan romantik bola edi. U yoshligida fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyumaning mashhur “Uch mushketyor” – (“Uch qilichboz”) romanini o‘qib sportning qilichbozlik turi - fextovanie bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. Ikki yil mashqdan so‘ng yosh qilichboz Alisher Usmonov Respublika terma komandasiga qabul qilinadi. Ko‘p o‘tmay u o‘z kasbining ustasi – sport masteri unvonini oladi. Bu bilan u qoniqmaydi. Bu sohada yanada yuqoriroq natijalarga erishish uchun u qattiq harakat qiladi va eng yosh mohir qilichboz sifatida SSSR terma komandasi musobaqalarida qatnash huquqini qo‘lga kiritadi.
Irismat Abduxoliqov, O‘zA