— Oxirgi kunlar juda asabiy bo'lib qolganman. O'z uyimda begonadek yashash jonimga tegdi. Turmushimning birinchi oyidan boshlab, meni bu uyda hech kim xushlamadi. Qiz bolaning borgan joyida tinib-tinchib ketishi juda qiyin masala ekan. Olti yildan buyon mana shu uydan ketishni istayman…
Qizlik davrimda juda erka edim. Dadam meni yeru ko'kka ishonmas, oyim ham hamma masalada ko'nglimga qarardi. Ammo o'zbek oilalarida qiz farzand qanchalik erka bo'lmasin, ota-onalar chidab yashash haqida gap aytishdan boshqasini bilishmaydi. Chidadim, hali ham chidayapman. Bilmadim, yana qanchaga yetar ekan sabrim…
Erim bilan munosabatlarimiz yomon emas. Agar alohida yashaganimizda, balki, juda yaxshi ham bo'lardi. Biroq bizning alohida yashashimiz shunchaki orzu. Bir uyda to'rt kelin yashaymiz. To'rtala kelin ham bir-birini ko'rgani ko'zi, otgani o'qi yo'q. O'rtamizdagi munosabat nihoyatda sovuq. Turmushimning ilk yillarida qanday oilaga tushib qolganimni bilib, rosa yig'laganman. Har kunim yig'lash bilan o'tar, uydagi janjallardan sarosimaga tushib qolgandim. Kunora ichib keladigan qaynotam, o'g'illariga gapi o'tmaydigan, lekin kelinlarini har ko'yga solishni sevadigan qaynonam, har janjalda soch yulishib urishadigan ovsinlarim… Dastlabki kunlar hammasi risoladagiday edi. Men barcha yangi kelinlar singari erta tongda turib, uy ishlariga o'zimni urardim va bundan maroqlanardim ham. Qosh chimirib, boshdan-oyoq meni kuzatadigan ovsinlarimga ahamiyat bermaslikka urinardim. Ammo ularning soxta tinch hayoti uzoqqa cho'zilmadi. Bir hafta o'tar-o'tmas uyimizda katta janjal bo'ldi. Ikki ovsinim ko'z oldimda bir-birini shu qadar ayovsiz kaltakladiki! Bir qo'limda kapgir bilan qotib qolgan joyimda katta ovsinimning turtishidan o'zimga kelgandim.
— Anqayib turmasdan ajratsangiz-chi! — dedi u va o'zini ularning ustiga otdi.
Ovsinlarimning bir-biriga aytayotgan haqoratlari, uyatsiz gaplarini qog'ozga tushirishga uyalaman. O'sha kundan buyon turli yomon so'zlarni eshitib, yuragimni oldirib qo'yganman. Ovsinlarimga qattiq gapirishga umuman haddim sig'mas, bu janjallarga qo'shilib qolganimdan so'ng kechasi bilan qo'rquvda yotardim. Qo'rquvimning sababi esa katta ovsinimning mendan avvalgisiga kerosin sepishga uringani edi.
— Buncha vahima qilasan? — derdi oilasidagi vaziyatga o'rganib ketgan erim beparvogina. — Biz urishganimiz bilan bir-birimizni o'ldirmaymiz!
Mana, olti yildirki, xonadonimizda shu ahvol. Ovsinlarim bilan ro'zg'orimiz alohida, ehtimol, shuning uchun uyimizda baraka yo'q. Kunora janjal ko'tarilmasa, bu uydagilarning qorni to'ymaydi. Mana shunday notinch xonadonga kelin bo'lib tushganimga yuragim siqiladi. Eng yomoni, farzandlarim mana shu muhitda ulg'ayishmoqda. Men tinch oilada katta bo'lganim uchunmi, bu uydagi urish-janjallarga hech ko'nika olmayapman. Doim yuragimni hovuchlab yashash, piyonista qaynotamning fe'l-atvoriga chidash, ayollarning oxiri yo'q janjallari… Bizning oilada hatto qaynonam ham janjallar orasida kelinlarining kaltaklariga uchrab qolishi mumkin. Ba'zan qo'shnilardan juda uyalib ketaman. Ammo ovsinlarim hech uyalishmaydi, hech nima bo'lmaganday yuraverishadi. Nima qilishga, qanday yo'l tutib vaziyatni o'nglashga hayronman.
O'zim ham so'nggi paytlar mana shu axloqsiz odamlarga o'xshab qolayotganimni sezyapman. Janjallarda mening ham ovozim eshitiladigan bo'ldi. Tunov kuni mendan avvalgi ovsinim yuzimga tarsaki tortib yuborganida, o'zimni tutib turolmay men ham uning sochiga yopishdim. Avvallari esa erimga aytar, diydiyo qilib yig'lardim. Bundan ko'rinib turibdiki, ikki-uch yilda bu insonlardan hech farqim qolmaydi. O'zimni, ichki dunyomni, oilamni himoya qilish uchun nima qilishim kerak? Menga o'xshab mana shunday nosog'lom muhitda yashagan kelinlar qanday qilib bu kabi g'avg'olardan qutulgansiz? Axir erimning oila a'zolari deb turmushimni buza olmayman-ku. Menga maslahat bering, nima qilsam, qaynonamni alohida ajralib chiqishga, o'z oilamni saqlashga erishaman?!