"Tolibon" radikal harakatining kamida 260 a’zosi Afg‘onistonning Samangan viloyatida armiyaga taslim bo‘ldi, deb ma’lum qildi 26 iyulda Afg‘oniston mudofaa vazirligi.
Khaama Press agentligining ma’lum qilishicha, toliblar Dara-a-Suf tumanidagi 11 kun uzluksiz davom etgan harbiy operatsiyalardan keyin taslim bo‘lgan. Tumandagi ko‘pchilik qishloqlar jangarilardan ozod qilindi.
Afg‘oniston ichki ishlar vazirligi qurol-aslaha va o‘q-dorilar bilan birga taslim bo‘lganlar orasida 2 qo‘mondon ham borligini ma’lum qildi.
Afg‘onistondagi vaziyat oxirgi oylar sezilarli yomonlashdi. Avval mamlakatning qishloq joylarining katta qismini egallab olgan "Tolibon" yirik shaharlarga hujumlarni boshladi. Shuningdek, mamlakat hududida IShIDning ta’siri kuchaymoqda.