Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Abiturientlardan hujjat qabul qilish sanasiga o‘zgarish kiritildi


Ayni kunlarda mamlakatimizda navbatdagi o‘quv yili nihoyasiga yetib, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, umuman talaba bo‘lishni diliga tuggan yoshlar uchun hayajonli damlar boshlandi. Bunday paytda joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga qabul va test sinovlariga oid masalalar har bir yigit-qizni qiziqtirishi tabiiy. Shu bois biz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test markazi bo‘lim boshlig‘i Orziqul Boboyevga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

— Abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish qachondan boshlanadi va qabul jarayonida qanday yangiliklar bor?

— 2011 yil 18 iyuldan qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom"ga kiritilgan oxirgi o‘zgarishlarga ko‘ra, 2017 yildan boshlab oliy ta’lim muassasalarida abiturientlarning hujjatlarini qabul qilish ilgarigidek 20 iyundan 20 iyulgacha emas, balki 15 iyundan 15 iyulgacha davom etadi.

Ushbu o‘zgarishlar kiritilishining asosiy sabablaridan biri oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abiturientlar sonining yildan-yilga ko‘payib borayotganligi bo‘lsa, ikkinchidan, test materiallarini sifatli tayyorlash va yetkazish vazifasi bor. Test sinovlari o‘tkaziladigan kun esa o‘zgarmagan, doimgidek 1 avgust kuni bo‘ladi.

— Abiturientlarga berilayotgan imtiyozlar borasida qanday o‘zgarishlar bor?

— Ma’lumki, oliy ta’lim muassasalariga kiruvchilar uchun bir necha turdagi imtiyozlar tizimi mavjud. "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2012 yil 31 may kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori shular jumlasidandir. Darhaqiqat, mazkur qarorga ko‘ra muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolarimiz uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovi jarayonida to‘plagan ballga qo‘shimcha tarzda maksimal to‘plash mumkin bo‘lgan ballning 27 foizi miqdorida imtiyozli ball qo‘shib berilar edi. Ushbu qarorga Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 apreldagi qarori bilan tegishli o‘zgartirish kiritildi, qarorning 11-bandiga muvofiq, endilikda muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan barcha fuqarolarimizga respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plagan ballining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiining 2017 yil 25 aprel "Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Davlat qabul komissiyasiga 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovlari natijalari bo‘yicha 68 va undan yuqori ballga ega bo‘lgan, Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida kamida uch yildan buyon istiqomat qilayotgan abiturientlarni, keyinchalik mutaxassisligi bo‘yicha ushbu hududlardagi byudjet tashkilotlarida tegishli viloyat hokimligi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida kamida to‘rt yil ishlab berish sharti bilan qo‘shimcha grant asosida imtiyozli qabul qilish huquqi berildi. Qarorda olis cho‘l tumanlari sifatida Konimex, Uchquduq, Tomdi tumanlari keltirilgan va ularga ta’limdan tashqari yana ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda ko‘pgina imtiyozlar joriy etildi.

— Davlat test markazida test jarayonlarini o‘tkazishga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?

— Bu borada har yili bo‘lgani kabi aniq reja asosida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda amaldagi Nizomga muvofiq, oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan bino va auditoriyalar, test sinovlariga qatnashadigan abiturientlar uchun o‘rinlar o‘tgan yildagi soniga yigirma foiz qo‘shgan holda tayyorlanadi. Shu maqsadda respublika bo‘yicha 795 ming o‘rin tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Tayyorgarlik doirasida test sinovi o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarning Davlat test markaziga taqdim qilingan dastlabki reja-chizmalari joylarda o‘rganildi.

Shuningdek, respublika bo‘yicha 17 apreldan 30 mayga qadar Davlat test markazi vakillari uchun amaliy seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan, hududlar markazida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida ham shunday mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

— 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilmoqda. Bu qay tartibda, nimalarga e’tibor qaratilgan holda amalga oshirilmoqda?

— Alohida ta’kidlash kerakki, yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ochilayotgan yangi ta’lim yo‘nalishlari yoki ta’lim muassasalarining ba’zi viloyatlarda tashkil etilayotgan filiallari, yaratilayotgan imtiyoz va boshqalar - bularning barchasi yoshlarimiz uchun katta imkoniyatdir. Shular qatorida abiturientlar uchun yaratilayotgan yana bir muhim va ahamiyatli yangilik – bu 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilayotganligidir. Prezidentimiz tomonidan shu yil 5 may kuni qabul qilingan "2017-2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida"gi qarorini barcha mamnuniyat bilan qarshi oldi. Uning 5-bandida aynan shu o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul qilish tatbiq etiladi va uni amalga oshirish Davlat komissiyasi zimmasiga yuklatiladi.

Biroq shuni ham eslatish joizki, bunday shakldagi qabul uchun kvota belgilashda avvalo ta’lim muassasalarining mavjud imkoniyatlari hisobga olinadi.

Shuningdek to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul qilish o‘tish ballidan past ball to‘plagan, ammo bali 68 balldan kam bo‘lmagan abiturientlar uchun ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lash istagidan kelib chiqqan holda va ketma-ketlik tartibi saqlangan holda amalga oshiriladi.

Bunda yo‘nalishlar kesimida oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

— O‘qishga mahkam bel bog‘lagan yoshlarimizga tilaklaringiz?

— Basharti davlatimiz tomonidan yoshlarimiz uchun katta-katta imkoniyatlar, imtiyozlar yaratilayotgan ekan, ular tomonidan ham shunga yarasha javob bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Buning uchun ular faqat va faqat belgilangan darsliklar bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rishlari, boshqa o‘tkinchi, asossiz va ishonchsiz manbalarga ishonmaslikliklari lozim. Zero, bilim bu tuganmas boylik, barcha yoshlarimiz unga egalik hissini tuysinlar. Hammalariga omad!

Toshtemir MUROD



Manba:kun.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 21282 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: hujjat qabul qilish, o‘zgarish kiritildi, sana, abiturient
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
zumrad991 juda yaxshiyu, hamma omad :p
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 10:13
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное