Abiturientlar kutayotgan muhim kun yaqinlashmoqda. Ularning barchasi talaba bo'lish istagida. 1 yilda yurtimizdagi oliy o'quv yurtlariga millionlab abiturientlar hujjat topshiradilar va kirish imtixonlariga tayyorgarlik ko'radilar. Barchaga ma'lumki kirish imtixonlari Davlat Test Markazi tomonida test sinovlari ko'rinishida o'tkaziladi. Shunday ekan, Davlat Test Markazining axborot xizmati Abiturientlar diqqatiga quyidagi qoidalar bilan murojaat qiladilar.
HURMATLI ABITURIYENTLAR!
Unutmang, test sinovi topshirish jarayonida belgilangan tartibga qat'iy rioya qiling. Test materiallari bilan ishlash qoidalarini mukammal o‘zlashtiring. Unda yo‘l qo‘yilgan birgina xato jarayonning keyingi bosqichlarida huquqingizni cheklab qo‘yishi mumkin.
O‘tgan yillar davomida test sinovi topshirish jarayonida abiturientlar tomonidan eng ko‘p xatoga yo‘l qo‘yilgan holatlar va oqibatlari:
1.Test sinovi topshirish jarayonida savollar kitobi va javoblar varag‘i raqamlarining bir-biriga mosligini tekshirmaslik – bunday holat abiturient tomonidan to‘plangan umumiy ballar miqdorining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Unutmang, raqamlar mosligini tekshirish auditoriyada, test sinovi boshlangunga (9.00 ga) qadar amalga oshiriladi. Bunday holat test sinovi boshlangandan (9.00 dan) keyin aniqlansa, e'tiroz qabul qilinmaydi.
2.Savollar kitobi muqovasining belgilangan joyiga familiyasi, ismi va sharifini yozmaslik, imzo qo‘ymaslik - bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyasiya jarayonida) abiturient e'tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.
3.Test topshiriqlarini yechishdan oldin savollar kitobini tekshirib chiqish shart – aks holda abiturient tomonidan to‘plangan umumiy ballar miqdorining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Unutmang, savollar kitobini tekshirish auditoriyada, test sinovi boshlangunga (9.00 ga) qadar amalga oshiriladi. Bunday holat test sinovi boshlangandan (9.00 dan) keyin aniqlansa, e'tiroz qabul qilinmaydi.
4.Javoblar varaqasining tegishli joyiga familiyasi, ismi va sharifini yozmaslik, imzo qo‘ymaslik - bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyasiya jarayonida) abiturient e'tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.
5.Javoblar varaqasining alohida joylari (marker chizig‘i, kodlangan doirachalar, shtrix kodlar) ustiga chizish, yozish - bunday holatda ushbu javoblar varaqasi texnik jihatdan yaroqsiz deb hisoblanishi va natija chiqarilmasligiga sabab bo‘ladi.
6.Savollar kitobini yaroqsiz holga keltirish (yirtish, ichki betlarini ajratib olish va b.) - bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyasiya jarayonida) abiturient e'tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.
7.Savollar kitobini topshirmaslik- bunday holat keyingi ixtiyoriy bosqichda dalolatnoma tuzish orqali chetlashtirishga, abiturient e'tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.
8.Javoblar varag‘ini topshirmaslik- bunday holatda auditoriyalar taqsimotiga muvofiq test sinovi yakuni bo‘yicha qaytarib keltirilgan javoblar varaqalari bo‘yicha test sinovi natijalari hisoblanishi belgilanganligi bois, qaytarilmagan javoblar varaqalari bo‘yicha natija hisoblanmaydi va bu abiturient e'tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.
9.Titul varaqasi va Abiturient ruxsatnomasining tegishli joyiga javoblar varag‘i raqamini ko‘chirmaslik yoki xato ko‘chirishlik – bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyasiya jarayonida) abiturient e'tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.
10.Test materiallari (savollar kitobi va javoblar varaqasi)ni belgilangan vaqtda topshirmaslik, auditoriya nazoratchilarining test materiallarini topshirish haqidagi talabiga bo‘ysunmaslik – bunday holat abiturientning test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.
11.Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abiturient mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa – bunday holat abiturientning test sinovi o‘tkaziladigan binoga kiritilmasligiga yoki test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.
12.Test materiallari (savolar kitobi, javoblar varag‘i)ni auditoriyadan tashqariga chiqarsa - bunday holat abiturientning test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.
13.Test sinovi topshirish jarayonida boshqalarga yordam bersa, yordam olsa - bunday holat abiturientning test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.
14.Savollar kitobida savollar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ketlikda raqamlangan, lekin fanlar nomlari saqlab qolingan. Masalan, uchta fan bloki mavjud bo‘lgan savollar kitobida birinchi fan savollari 1 dan 36 gacha, ikkinchi fan savollari 37 dan 72 gacha, uchinchi fan savollari 73 dan 108 gacha sonlar shaklida raqamlandi.
Javoblar varag‘ida javoblar belgilanadigan doirachalar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ket sonlar bilan raqamlandi.
Bunda abiturient savollar kitobida keltirilgan fanlar ketma-ketligi va raqamlar ketma-ketligida ishlashi talab etiladi. Masalan, 1-savol javobi javoblar varag‘ida 1-raqamli doirachaga, 10-savol javobi 10-javoblar doirachasiga, 100-savol javobi 100-javoblar doirachasiga, 108-savol javobi 108-javoblar doirachasiga bo‘yalishi shart - bunday tartibga rioya qilinmagan holatlarda abiturient tomonidan to‘plangan umumiy ballar miqdori past bo‘lishi mumkin. Unutmang, javoblar varag‘iga javoblarni belgilashda qaysi fan asosiy hisoblanishidan qati nazar, savollar kitobida keltirilgan fanlar nomining, savol va javoblar raqamlarining ketma-ketligiga e'tibor berish shart.
15.Abiturientlarning auditoriyalar bo‘yicha ro‘yxati (7.2-shakl)dagi tegishli ustunga javoblar varag‘i raqamini yozmaslik va test materiallarini qabul qilib olganligi yoki topshirganligini qayd etish ustuniga imzo qo‘ymaslik - bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyasiya jarayonida) abiturient e'tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.
16.Apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish – apellyasiya komissiyasi tarkibi Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi, apellyasiya shikoyati berish muddati natija e'lon qilingan kundan boshlab 15 kun qilib belgilangan, apellyasiya shikoyatini ko‘rib chiqishda abiturientning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchilari ishtirok etmaydi, apellyasiya shikoyati abiturientning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi, savollar kitobi, javoblar varaqasi belgilangan tartibda to‘ldirilmagan, test sinovidan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abiturientning apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi, apellyasiya shikoyati ko‘rilayotgan auditoriyaga taqiqlangan vositalarni olib kirgan, jarayonga xalaqit bergan, yordam olgan va yordam bergan, savollar kitobini yirtgan abiturient chetlashtiriladi va e'tirozi ko‘rib chiqilmaydi.
Unutmang! Davlat test markazi test sinovi topshirish jarayoni bilan bog‘liq faqat o‘zining vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan e'tirozlarni ko‘rib chiqadi.