50 000 so‘m qiymatdagi yangi pul belgisi muomalaga chiqariladi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2017 yil 22 avgustdan qiymati 50 000 so‘m bo‘lgan yangi pul belgisini muomalaga chiqaradi. Bu haqda Markaziy bank Axborot xizmati xabarbermoqda.
Yangi 50 000 so‘m qiymatidagi pul belgisi 144 x 78 mm o‘lchamdagi himoyalangan maxsus qog‘ozdan tayyorlangan. Uning o‘ng tomonidagi keng oq rangli sathida O‘zbekiston Respublikasi Gerbi va “50 000” raqami ko‘rinishida suv belgisi tushirilgan.
Oq rangli sathning chap tarafidan qog‘oz qatlamida “Darcha” va 3D hajmli eni 4 mm bo‘lgan himoya ipi o‘tkazilgan. Banknot old tomonining markazida Mustaqillik maydonidagi «Ezgulik» arkasi tepasidagi laylaklar tasvirlangan.
Kupyuraning chap yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi mavjud. Yozuv “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI” so‘z birikmali takrorlanuvchi mikromatnli chiziq bilan ajratilgan. Mikromatnli chiziq ostida “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UChUN O‘Z QIYMATI BO‘YIChA QABUL QILINIShI ShART” yozuvi qayd etilgan.
Matn ostida to‘q yashil rangdagi O‘zbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan. Banknot chap tomonining pastida 50 000 raqami va “ELLIK MING SO‘M” yozuvi bor. Yuqoridagi barcha tasvirlar va yozuvlar bo‘rttirilgan bo‘lib, ushlab ko‘rilganda seziladi.
Markazda O‘zbekiston Respublikasining hoshiyalangan xaritasi tasvirlangan bo‘lib, uning foni “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI” so‘z birikmali takrorlanuvchi mikromatn ko‘rinishida ishlangan. Chap taraf pastki qismidagi va oq rangli sathda joylashgan “50 000” raqamlari tepasida yettita raqamli nomeri bilan ikki lotin harfidan iborat seriyasi joylashgan.
Oq rangli sathning pastki qismida ko‘rish burchagiga qarab rangini bronza rangidan yashil rangga o‘zgartiruvchi va ushlab ko‘rilganda bilinadigan bo‘rtib turuvchi “50 000” raqami mavjud.
Banknotning orqa tomoni chap qismidagi oq rangli sathda suv belgilari ko‘rinadi. Oq rangdagi sathning yuqori qismida arka tasviri mavjud bo‘lib, yorug‘likda ko‘rilganda banknot old qismidagi tasvir bilan bir-birini to‘ldiradi.
Banknotning markazida “ANJUMANLAR SAROYI” me’moriy binosi tasvirlangan. Ostki fon nafis chiziqlar qo‘llanilgan holda ishlangan milliy naqshinkor bezaklar va bo‘rtib turgandek taasurot uyg‘otuvchi banknot qiymati ko‘rinishidagi raqamli tasvirlardan iborat.
Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILAShTIRISh QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni joylashgan.
Yangi muomalaga chiqarilayotgan qiymati 50 000 so‘m bo‘lgan pul belgisi hozirda mavjud pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.