Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi, deb xabar beradi "Huquqiy axborot" kanali.
Qarorga muvofiq:
2018 yil 1 avgustdan qoraytirilgan oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi;
oynalarni qoraytirish Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi” DUK tomonidan amalga oshiriladi;
oynalarni qoraytirish uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX)dan ruxsatnoma (1 yilga beriladi) olish kerak;
orqa oynani yorug‘lik o‘tkazuvchanlik besh foizdan kam bo‘lmagan (95 foizga qoraytirish), orqa yon oynalarni yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan (70 foizga qoraytirish) darajada o‘zgartirish mumkin;
old oynaning tepa qismini 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan shaklda o‘zgartirish uchun ruxsatnoma shart emas;
xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan yengil avtotransport vositalarini O‘zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.
Qoraytirishga ruxsatnoma berganlik uchun to‘lovlar:
jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining 90 baravari (16 587 000 so‘m);
yuridik shaxslarga eng kam ish haqining 120 baravari (22 116 000 so‘m);
xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga eng kam ish haqining 140 baravari (25 802 000 so‘m).