Zilzila natijasida Tojikistonda 500ta uy vayron bo‘ldi
Tojikistonning Pomir tog‘larida ro‘y bergan zilzila natijasida 500ga yaqin uy vayron bo‘ldi. Tosh ko‘chkisi ostida qolgan bir kishi vafot etib, bir necha o‘n kishi jarohat oldi. Bu haqda 8 dekabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon matbuot xizmati xabar qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dushanba, 7 dekabr kuni tongda Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududida magnitudasi 7,2 ballga teng bo‘lgan zilzila sodir bo‘ldi. Emomali Rahmat tezkor sur’atda tabiiy ofat hududiga hukumat komissiyasini yubordi.
“Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon vafot etgan va jarohatlanganlarning oilalariga hamdardligini bildirib, avtonomiya, vazirlik va mahkamalar rahbariyatiga imkon qadar tezroq boshpanasiz qolgan fuqarolarga vaqtinchalik turar-joylar berish, ularni issiq kiyim, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifasini topshirdi”, - deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Tojikiston Fanlar akademiyasi geofizika xizmati rahbari Sobit Negmatullaevning ma’lum qilishicha, vayronagarchilik keltirib chiqargan zilziladan keyingi bir kun davomida xuddi shu hududda yana 10 marotaba 5,5-4,6 ballik yer silkinishlari kuzatildi.