Ko‘pchilik model bo‘lish uchun jurnal muqovasiga suratga tushib, podiumlarda eng so‘nggi brend liboslarni namoyish qilish kifoya deb o‘ylaydi. Lekin har sohada bo‘lgani singari moda olamida ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘lishi, soatlab kamera qarshisida turish va mukammal ko‘rinish ortida salomatlik va ruhiyat bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi mumkin. Marie Claire nashri ushbu qiyinchiliklarga qaramay, moda olamini zabt etgan va eng ko‘p haq to‘lanadigan modellar haqida ma’lumot berib o‘tadi.
Victoria’s Secret modellar
Mashhur modellarning deyarli barchasi Victoria’s Secret bilan hamkorlik qiladi, ulardan ayrimlari esa brendning farishtalari (angels) ya’ni yuzi bo‘lishning uddasidan chiqib, kompaniya bilan boshqalarnikidan farqliroq shartnoma imzolaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yili Forbes’ning eng ko‘p haq to‘lanadigan modellari ro‘yxatidan o‘rin olgan qizlarning 17 tadan 11 tasi Victoria’s Secret’ning sobiq yoki hozirgi “farishtalari” hisoblanadi. Brendning o‘zi ham, brendga ishlaydigan modellar ham shartnoma shartlarini ma’lum qilmasa-da, insayderlar brendning yuzi bo‘lish oson emasligini bir necha marta takrorlagan. 2016-yil fevralda 36 nafar model tanlab olinib, 2017-yilning oxirida ulardan atigi 14 nafari Victoria’s Secret’ning “farishtalari” bo‘lishga erishgani buning isboti.
Dautsen Krez
Karyerasidagi bir yillik tanaffusdan keyin modellik biznesiga qaytgan Krez Forbes versiyasiga ko‘ra 2018-yilning eng ko‘p haq to‘lanadigan yulduzlarining o‘ntalik ro‘yxatidan o‘rin olgan. Model asosiy daromadi L’Oréal, Piaget va Repeat Cashmere brendlari bilan qilgan hamkorligidan. O‘sha yili u modellik faoliyatining 15 yilligini nishonlagan. Uning karyerasidagi muvaffaqiyatiga 2014-yil Victoria’s Secret’ni tark etgani ham ta’sir ko‘rsatmagan.
Bella Hadid
$IMAGE3$
8,5 million daromadi sabab Bella Forbes’ning 2018-yildagi eng ko‘p haq to‘lanadigan modellar reytingida sakkizinchi bo‘lgan. 22 yashar Hadid bunday daromadga eng yosh model hisoblanadi. Yosh ekaniga qaramay, Bella o‘z kasbiga jiddiy yondashadi va uni rivojlantirishga keragidan ortiq e’tibor beradi. Kunlik grafigi ish va fotosessiyalar bilan to‘la bo‘lgan model 6 million dollar ishlab, ilk bor Forbes’ning eng ko‘p daromadga ega modellari ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Jiji Hadid
Bellaning opasi 2018-yilda 9,5 million dollar ishlab topgan. U asosiy daromadini Maybelline, Tommy Hilfiger, Reebok singari brendlar bilan qilgan hamkorligidan olgan. Singlisi bilan bir sohada faoliyat yuritishiga qaramay, u o‘zini Bella bilan taqqoslamaydi. Elle nashriga bergan intervyusida u: “Bella bilan uslubimiz tamoman farqli. U xohlaydigan ish men izlaydigan ish emas, shu sabab ham men hech qachon muvaffaqiyatimizni solishtirmayman. U ko‘p narsaga meni ilhomlantiradi, bir-birimizdan o‘rganadiganlarimiz bisyor”, — degan u.
Jizel Byundxen
90-yillardan boshlab Victoria’s Secret bilan hamkorlik qilishni boshlagan Jizel 2007-yilga kelib brendni tark etgan. Bunga podiumlarda Victoria’s Secret nomidan ochiq-sochiq chiqishi jonga teggani sabab bo‘lgan. Brend bilan hamkorligiga yakun yasaganiga qaramay, Byundxen dunyodagi eng ko‘p haq to‘lanadigan modellardan biri bo‘lib qoldi. 2018-yilda 10 million dollardan ko‘p daromadga ega bo‘lgan Byundxen Forbes reytingida beshinchi o‘rinni egallagan.
Kara Delevin
Kara Delevin psoriazdan aziyat chekkani sabab 2015-yilda moda olamini tark etishga qaror qilgan. Bunga moda haftaliklari davomida soatlab suratga olish jarayonidagi stresslar teri ahvolining yanada yomonlashishiga ta’sir qilgani sabab bo‘lgan. Terisidagi muammolarni yashirish uchun esa vizajistlar qalin konsilerlardan ko‘proq foydalanishga majbur bo‘lgan. “Qo‘lqop kiyib olgan odamlar mendagi muammoni moxov yoki shunga o‘xshash biror nima deb o‘ylab, menga teginishni istamagan”, — degan u The Times’ga bergan intervyusida. Ammo shunga qaramay, u 2018-yilda moda olamiga qaytgan va faoliyati davomida 10 million daromadga ega bo‘lgan.
Rozi Xangtinton-Uaytli
Moliyaviy ahvoli 11,5 dollarga baholanib, eng ko‘p haq to‘lanadigan modellar reytingida uchinchi bo‘lgan Roziga 2018-yil omadli kelgan. Aynan shu yili u ona bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan.
Krissi Teygen
Modellik biznesi bilan 2006-yildan shug‘ullanishni boshlagan Teygen Forbes’ning 2018-yildagi reytingida Rozi bilan birga uchinchi o‘rinni bo‘lishgan. Ilk bor Deal or No Deal shousida chiqish qilgan model keyinroq Maxim jurnalining muqovasi uchun suratga tushgan. 2010-yilda esa Sports Illustrated tomonidan “Yil kashfiyoti” deb topilgan.
Karli Kloss
2018-yilda 13 million dollar ishlab topgan Karli eng ko‘p haq to‘lanadigan modellar orasida ikkinchi o‘ringa loyiq deb topilgan. Moda olamidagi faoliyatini bundan 10 yildan ko‘proq vaqt avval boshlagani sabab unga mashhurlik ham, bunday badavlatlik ham yangilik emas. 2015-yilda u podiumdagi har bir chiqishi uchun 249 dollarga yaqin mablag‘ olgan.
Kendall Jenner
Estee Lauder, Adidas, Calvin Klein brendlari bilan qilgan hamkorligi sabab Kardashyanlar oilasining vakili 23 yoshida bir yil ichida 22,5 million dollar ishlab topgan. Eng ko‘p haq to‘lanadigan modelning moliyaviy ahvoli bu qadar bo‘lishiga nafaqat brendlar bilan qilgan hamkorligi, balki Keeping Up With the Kardashian’s shousida ishtiroki sabab bo‘lgan. Aynan shu shou sabab boshqa modellar singari hammasini noldan boshlamaganini Kendallning o‘zi ham tan oladi.