Salomatlik borasida inson tanasining har bir a’zosi alohida ahamiyatga ega. Biroq kamdan-kam hollarda sanchish, juda sekin yoki juda tez urish orqali xasta ekanligini sezdirib turadigan yurak faoliyatiga ham e’tibor berib turish lozim. Agar unda muammo yuzaga kelsa, boshqa tana a’zolariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada surunkali charchoq, ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi kabi sezilar-sezilmas kasalliklar bezovta qila boshlaydi.
Yurak kasalligi ko‘p holatlarda qon bosimining ko‘tarilib ketishi va aksincha, tushib ketishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Uning oldini olish uchun nafaqat sport bilan shug‘ullanish, balki to‘g‘ri ovqatlanish tizimiga rioya etish ham talab etiladi. Quyida yurak salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar bilan tanishishingiz mumkin:
Baliq. Bilasizmi, baliq sog‘lom ovqatlanishning eng muhim qismi hisoblanadi. U nafaqat yurak faoliyatini yaxshilaydi, balki ko‘z nurining ravshanlashishiga, asabni tinchlantirishga ham yordam beradi. Yangi tutilgan baliqni qovurib yoki dimlab iste’mol qilish yurakni zaruriy antibiotiklar bilan ta’minlaydi;
Gulkaram. Juda ko‘p odamlar taomni ko‘kat bilan iste’mol qilishni xushlaydi. Buning o‘rnini gulkaram yoki karamdoshlar oilasiga mansub bo‘lgan mahsulotlarni tanovul qilish orqali ham to‘ldirish mumkin. Bu orqali yallig‘lanishni kamaytirish, ovqat hazm qilishni tartibga solish va xolesterin darajasini kamaytirish mumkin;
Jigar. Bu aynan sog‘lom hayot uchun mo‘ljallangan go‘shtli mahsulot hisoblanadi. U organizmdagi oqsil, vitamin V, S, temir moddalariga bo‘lgan ehtiyojni qondira olishi bilan ham ahamiyatli;
Kartoshka. Bu mahsulot parhez va yurak xastaligi xavfini kamaytirish uchun tavsiya etiladi. Unda qon bosimini tushirishi mumkin bo‘lgan muhim miqdorda kaliy mavjud;
Olma. Uning tarkibida juda ko‘p miqdorda antioksidant polifenollar bo‘lib, ular xolesterin miqdorini muvozanatda ushlab turishga yordam beradi. U yurak kasalliklarini oldini olish bilan bir qatorda, saraton xavfini kamaytirishga, o‘pkani himoyalashga va ishtahani nazorat qilishga yordam beradi;
Yong‘oq. Azaldan odamlar faqatgina xotirani yaxshilash uchun yong‘oq iste’mol qilishgan. Shu sababli uning boshqa foydali jihatlari ikkinchi darajada qolib ketavergan. Aslida esa u juda to‘yimli meva bo‘lib, non bilan birga iste’mol qilinsa, uzoq vaqtgacha ochlikdan asraydi. Mayiz bilan iste’mol qilinsa, qondagi gemoglobin miqdorini oshiradi.
Qora shokolad. Oddiy shokoladdan farqli o‘laroq, qora shokolad tarkibida yurak, qon-tomir faoliyatini yaxshilaydigan elementlar yuqori bo‘ladi. Uni o‘z me’yorida iste’mol qilish qon bosimini pasaytirish, qon oqimini yaxshilashga yordam beradi. Shuningdek, qora shokolad o‘rtacha achchiqlikda bo‘lsa, asabni tez tinchlantiradi. Ko‘k choy bilan birgalikda iste’mol qilinsa, miyaga xotirjamlik bag‘ishlaydi.
O‘z salomatligingiz va yurak faoliyatingizni yaxshilashni istasangiz, albatta, yuqoridagi mahsulotlarni tez-tez iste’mol qilib turing.
Manzura Sayfiddinova