9 fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida mudhish YTH sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mazkur YTH haqida rasman bayonot berib, unda 4 kishining vafot etganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi “Voditeli Tashkenta” guruhida juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur yo‘l-transport hodisasi aks etgan fotosuratlar haqiqatan kishini jugbushga keltiradi. Halokatga uchragan Spark hamda Matiz avtomobillari deyarli tanib bo‘lmas darajaga kelgan.
Guvohlarning aytishlaricha, halokat yuz bergandan so‘ng, Matiz mashinasi ag‘darilib ketgan. Avtomobil ko‘tarilganida, uning ostida bir qiz bo‘lgani va u voqea joyining o‘zida hayotdan ko‘z yumgani ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga qaraganda, voqea joyiga yetib borgan qizning otasi bu judolikdan chuqur qayg‘uga tushgan. Bu voqeadan ta’sirlangan “Qalampir.uz” muxbiri Umida Yakubova o‘z jigarbandini yo‘qotgan ota nolalarini qog‘ozga tushirdi. Ana shu misralarni e’tiboringizga havola etamiz.
Ota tilidan...
Ko‘ksim yonar, ezilar bag‘rim,
Samolarga yetmoqda nolam.
Bir nokasning aybi tufayli,
Bugun yerga qo‘yildi bolam.
Endi uni qaytarib bo‘lmas,
Ortga qaytmas, kechagi kun ham.
O‘n to‘qqizga kirgan gulimdan,
Xotiralar qoldi bir tutam.
Mast bo‘lganmi yoki beuyqu,
Haydovchidan qilaymi gina?
Nima bo‘lar edi, u rulda,
Shoshilmayin yursa salgina?
Meni balki tushunmassiz hecham,
G‘azabimni bosmoqda imon.
Shoshmashoshar haydovchini deb,
Mening qizim taslim qildi jon.
Mingdan-mingga roziman bolam,
Bergan nonu tuzimga... ey voh.
To‘ylaringni ko‘rib, o‘lsam maylidi,
Janozangga bo‘lguncha guvoh.
Ko‘ksim yonar, ezilar bag‘rim,
Samolarga yetmoqda nolam.
Bir nokasning aybi tufayli,
Bugun yerga qo‘yildi bolam.
|