Ichki ishlar vazirligi Yunusoboddagi mudhish YTH haqida rasmiy bayonot berdi
Avvalroq, 9 fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Spark va Matiz rusumli avtomobillar ishtirokida yirik avtohalokat yuz bergani haqida xabar bergan edik. Guvohlarning so‘zlariga tayangan holda, YTH sabab 7 kishi olamdan ko‘z yumgani ma’lum qilingandi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mazkur yo‘l-transport voqeasi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Xabarda keltirilishicha, voqea 9 fevral kuni soat taxminan 22:30 larda yuz bergan. Yangi shahar va Yangi Yunusuobod ko‘chalari chorrahasida yuz bergan avtohalokat sabab 4 kishi qurbon bo‘lgan, yana 4 kishi og‘ir tan jarohati olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Spark avtomobili haydovchisi 1995 yilda, Matiz haydovchisi esa 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro bo‘lgan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Spark avtomobilining haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chorrahaga katta tezlikda kirib kelishi oqibatida YTH yuz bergan.