Samarqand viloyatida ona va bolani bosib ketgan haydovchi qo‘lga olindi
Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida 12-fevral kuni soat taxminan 19-40 larda yo‘lning o‘ng tomonidan harakatlanib ketayotgan piyodalar — 1977-yilda tug‘ilgan ayol va uning 1998-yilda tug‘ilgan, kollej o‘qiydigan o‘g‘lini mashina urib ketgan.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi axborotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan shaxs hodisa joyidan yashiringan. YTH oqibatida ayol hodisa joyida, uning o‘g‘li esa kasalxonada hayotdan ko‘z yumgan.
Qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida YTHni Paxtachi tumanida yashovchi, 1962-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z boshqaruvidagi VAZ-2121 ‘Niva’ rusumli avtomobilida sodir etganligi aniqlandi va 13-fevral kuni qo‘lga olindi.
O‘zbekiston IIV axborotidan
Xabar berishlaricha, hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.