Yigitlarni jinsiy aloqaga taklif qilib, yalang‘och holda videoga olgan guruh ushlandi
Farg‘onada yigitlarni jinsiy aloqaga taklif qilib, tovlamachilik yo‘li bilan pul ishlab kelgan bir qiz va uch yigitdan iborat jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 3 aprelidan 4 aprelga o‘tar kechasi qiz bir necha yigitlarni jinsiy aloqa qilish uchun kelishilgan xonaga olib borgan. Shundan so‘ng qizning jinoiy sheriklari xonaga kirib, ushbu yigitlarga tegishli 3 dona telefon va 700 ming so‘m miqdordagi pullarni qo‘lga kiritib, ularni yalang‘och holatda videoga olgan.
Jinoiy guruh yigitlardan 5 million so‘m pul talab qilib, aks holda ular boshqarib kelgan mashinani bermasligini aytgan. Jabrlanuvchi yigitlar yonida buncha miqdorda pul yo‘qligini aytib, keyinroq topib berishni va’da qilgan. Jinoiy guruh mashinani qaytarib berib, yigitlarning mol-mulklarini olib qolgan.
4 aprel kuni mazkur jinoiy guruh ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tartibida ehtiyot chorasi qo‘llangan.