Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 avgust kuni “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qurbon hayiti bayrami shu haftaning juma kuni, 1 sentabr sanasida nishonlanishi munosabati bilan O‘zbekiston ta’lim tizimidagi yangi o‘quv yilining boshlanishi 2 sentabr kuniga to‘g‘ri kelmoqda.
Odatga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari hamda yangi o‘quv yilining ilk darslari shanba, 2 sentabr kuni amalga oshirilishi haqida xalq ta’limi tizimidagi ishchi yig‘ilishlarda aytib o‘tilgan.
Mazkur masala bo‘yicha ma’lumot bergan mutasaddi xodimlarning aytishicha, yangi o‘quv yilining birinchi kunidan so‘ng yakshanba, dam olish kuni bo‘ladi va 4 sentabr, ya’ni yangi haftaning dushanba kunidan barcha o‘quv maskanlari o‘z faoliyatini davom ettiradi.
O‘quv yilining aynan qaysi sanadan boshlanishi xalq ta’limi tizimining rasmiy xabarlarida hozircha kuzatilmagan.