Xotinning eri zimmasidagi haqi erning o‘ziga ham, moliga ham tegishli. Xotinning eri zimmasida mahr va nafaqa singari moliyaviy va shaxsiy xaqlari bor.
1. Er xotiniga xushfe’l bo‘lishi, u bilan yaxshi muomala qilishi, birga farovon hayot kechirishi, unga ozor yetkazmasligi kerak.
2. Erkak xotini bilan o‘z qadrini tushirmaydigan darajada hazillashishi, chaqchaqlashishi va o‘ynamog‘i kerak. Bu ishlar ayol qalbini ko‘taradi.
3. Erkak ayolini qizg‘anishi, uning or-nomusini saqlashi kerak. Oqibati buzuq bo‘ladigan har qanday holga beparvo bo‘lmasligi lozim.
4. Er xotinning o‘ziga alohida joy qilib berishi, unda erning yaqinlaridan hech kim bo‘lmasligi kerak.
5. Er xotinga berishi lozim bo‘lgan mahrni, qancha bo‘lsada, to‘la berishi kerak. Mahr tanho xotinning haqidir.
6. Er xotinining yetarli oziq-ovqat va kiyim-bosh kabi ehtiyojlarini, isrof etmay, ta’minlashi kerak. Er xarjlari uchun ajr va savobga erishadi.
7. Qo‘shilish chog‘ida er xotini ruxsat qilmasa, sug‘urib tashlamasligi kerak.
8. Er, agar xotini isyon va axloqsizlik qilsa, uni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun odob o‘rgatishi kerak. Bu xotinni o‘ziga bo‘ysunishga undash uchungina emas, balki birinchi navbatda Alloh taologa itoat etishga undash maqsadida bo‘lishi zarur.
9. Er xotinining iffatini saqlashi lozim. Xotinni haromdan himoya qilish erga vojibdir.
10. Er xotinni na so‘z bilan va na fe’l bilan so‘kib, ayblab, haqoratlab, yomonlab pastga urishi, uning jismiyu xulqini, oilasiyu yaqinlarini kamsitmasligi kerak. Zero, bu musulmon axloqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
11. Er xotinining ozorini ko‘tarishi, u g‘azablanganida va jahli chiqqanida muloyim bo‘lishi, uning xatolarini kechirishi kerak.
12. Er xotinini yaxshi ko‘rsa, hurmatlashi, yomon ko‘rsa, zulm qilmasligi kerak. Istasa, chidab yashasin yo yaxshilikcha ajralsin.