«Nabiy sallallohu alayhi vasallam dedilar: «Qaysi ayol eri undan rozi bo‘lgan holda vafot topsa, jannatga kiradi» (Ibn Moja rivoyati).
Musulmon odamga turmushga chiqqan ayol eri oldidagi Islom dini ko‘rsatgan vazifalarni ado etmog‘i lozim bo‘ladi. Ular ichida eng muhimlari quyidagilar:
1. Erining hurmatini joyiga qo‘yib, unga itoat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar insonga sajda qilish mumkin bo‘lganida edi, ayolni o‘z eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lardim» (Nasoiy, Ahmad va Hokim rivoyati). Bundan murod eriga sajda qildirish emas, balki erning fazli va uning haqqi qanchalar ulug‘ligini bayon qilishdir.
2. Ayol erining mol-mulkini muhofaza qiladi.
«Sizlarga erkak kishi ega bo‘ladigan yaxshilik haqida xabar beraymi? U soliha ayoldir-ki, eri unga qarasa, surur baxsh etadi, buyursa, itoat qiladi va biror joyga chiqsa, uning mol-mulkini muhofaza qiladi» (Abu Dovud rivoyati).
3. O‘z go‘zalligini faqat o‘z eriga taqdim qiladi va o‘zini nomahram nigohlardan saqlaydi.
«Qaysi bir ayol erining uyidan boshqa joyda kiyimlarini yechsa, o‘zi bilan Alloh azza va jalla o‘rtasidagi hayo pardasini yirtibdi» (Ahmad, Ibn Moja, Hokim rivoyati).
4. Oilaviy sirlar hamda jinsiy munosabatlarni boshqalarga oshkor qilmaydi.
«Qiyomat kuni Alloh nazdida eng ulug‘ omonatga xiyonat qilish- bu bir inson ayoliga yaqinlik qilib, so‘ng uning sirini oshkor qilishidir» (Abu Dovud, Ahmad va Bayhaqiy rivoyati). Demak, er va xotin o‘rtasidagi sirni ochgan kimsa qiyomatda eng tuban darajada bo‘lish bilan birga, eng ahamiyatli omonatga xiyonat qilgan hisoblanar ekan.
5. Erining jinsiy ehtiyojini qondiradi.
«Agar erkak ayolini to‘shagiga chaqirsa-yu, u kelishdan bosh tortsa, farishtalar uni tong otguncha la’natlaydilar» («Fathul Boriy ‘ala Sahihul Buxoriy»).
6. Erini behudaga g‘azablantirmaydi.
Hadislarning birida «Erini g‘azablantirgan ayolning to eri rozi bo‘lmagunicha namozlari qabul bo‘lmaydi va undan osmonga yaxshi amal ko‘tarilmaydi», deyiladi (Ibn Hibbon rivoyati). Ammo shariatda ta’qiqlangan ishlarda eriga itoat qilinmaydi va ushbu sabab bilan erini darg‘azab qilsa, gunohkor bo‘lmaydi.
7. Ayrim ishlar uchun eridan ruxsat oladi.
«Ayol kishi uchun eri borida uning iznisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz uyiga birovni kiritishi halol emas» (Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyat qilgan). Biroq, erning ham asossiz ravishda hali uni, hali buni ta’qiqlashga haqqi yo‘q.