Xitoylik olimlar 2020 yilgacha fazoga quyosh elektr stansiyasini olib chiqish rejasini ishlab chiqishdi. “Sinxua” agentligining ma’lum qilishicha, stansiya yer sathidan 36 ming km balandlikda joylashadi va 6 kv. km maydonni egallaydi. Bu fazodagi eng yirik inshoot bo‘ladi. Loyiha 1 trln dollarga baholanmoqda.
Rejaga ko‘ra, elektr stansiyasi quyosh batareyalari bilan jihozlangan ulkan kosmik qurilma shakliga ega bo‘lib, geostasionar orbita bo‘ylab aylanib yuradi. To‘plangan elektr quvvati Yerga lazer yoki mikroto‘lqinli nurlanish yordamida yuboriladi.
Mutaxassislarning fikricha, fazoda joylashgan elektr stansiyasi yerdagi muqobillariga nisbatan o‘n barobar ko‘proq quvvat ishlab chiqara oladi.
Agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu energetik inqiroz muammolarini butunlay hal qiladi.
Soha ekspertlarining aytishicha, 10 ming tonna vaznga ega bu stansiyani orbitaga olib chiqish ulkan texnik to‘siqlarga uchraydi, negaki hozirgi paytda fazoga hatto 100 tonna yuk olib chiqish ham ko‘pchilik raketalarga og‘irlik qiladi.