Voyaga yetmagan qizlar orasida noxush holatlar ko‘paymoqda
Bu haqda bugun, 13 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining videokonferensiya tizimi orqali bo‘lib o‘tgan majlisida ma’lum qilindi. Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan majlisda ko‘rilgan masalalar qatorida erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida ham so‘z bordi. Qayd etilishcha, o‘tgan yillarda mamlakatimizda «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» konsepsiyasi ishlab chiqilib, onalik va bolalikni muhofaza qilishning milliy modeli yaratilgan. Olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida qizlarni erta turmushga berish bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi ikki yilda ijobiy tomonga o‘zgargan. So‘nggi yillarda 18 yoshga to‘lmagan qizlar orasida erta tug‘ruq holatlari ham kamayib, 2018 yilda bunday salbiy holatlar 1,5 mingdan ziyod bo‘lgan, 2019 yilda esa bu ko‘rsatkich 1,2 mingtani tashkil etgan. Joriy yilning birinchi choragida 231 ta erta tug‘ruq holatlari qayd etilgan. Olib borilayotgan ishlarga qaramay, bu borada qator muammolar mavjudligiga urg‘u berildi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu muammoga, avvalo, aholining huquqiy savodxonligi va tibbiy madaniyatining yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, voyaga yetmagan qizlar, ayniqsa 13-14 yoshli qizlar orasida erta tug‘ruq holatlarining ko‘payib borayotgani tashvishli holdir. Erta homiladorlik va tug‘ruq holatlari kuzatilgan o‘quvchi qizlarning qariyb yarmi ota yoki onasiz oilalarda yashayotganligi aniqlangan. Shuningdek, oiladagi yetishmovchilik, ota-onalarning ishsizligi yoki kam daromad topishi ham qizlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilmoqda. Yana bir jihat. Erta va istalmagan tug‘ruq holatlari, yoshlarning oilaviy munosabatlarga tayyor emasligi, oiladagi ijtimoiy-ma’naviy beqarorlik kabi sabablar chaqaloqlar savdosi jinoyatini ham keltirib chiqarmoqda. Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida Senat Kengashi qarori bilan erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajralishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 2020–2021 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.