Qishda maktab o‘quvchi qizlariga shim kiyishga ruxsat berildi
O‘zbekistondagi maktablarda qishki o‘qish davrida o‘quvchi qizlarga yagona maktab formasiga mos klassik ko‘rinishdagi shim kiyishga ruxsat beriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida maktablardagi ba’zi ota-onalar qiz farzandlarini ta’lim muassasasiga shim kiyib kelishiga ruxsat berish bo‘yicha murojaat bilan chiqqan.
Vazirlik vakilining ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 8-bandiga muvofiq ob-havo sharoitidan kelib chiqib, qishki o‘qish davrida o‘quvchi qizlarga yagona maktab formasiga mos klassik ko‘rinishdagi shim kiyishga ruxsat berilgan.