Bugun, 19 aprel kuni Ispaniya chempionatining 33-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” hamda “Atletik Bilbao” o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli tarzda kechgan uchrashuvda har ikki jamoa bittadan gol kiritishdi va g‘olib nomi aniqlanmadi.
Uchrashuvning 14-daqiqasida mehmonlar vakili Inyaki Uilyams darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borib, hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim shu hisobda yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda esa “Atletik” futbolchilari asosiy e’tiborni himoyaga qaratib, qarshi hujumlarda raqibni jazolashga intilishdi. Bu taktika o‘z foydasini berayotgandek edi.
Madridliklar esa vaqt yakunlangani sari hujumlar sonini oshirib, 87-daqiqada o‘z maqsadlariga erishishdi. Bu vaziyatda Luka Modrichning ajoyib harakatlari va kuchli zarbasi hamma narsani hal qildi. Biroq to‘p darvozaga kirishdan oldin Ronalduning oyog‘iga birozgina tekkanligi sababli gol uning nomiga yozildi. Jamoalar yakunda murosa ko‘chasini tanlashdi.
La-Liga. 33-tur.
“Real” – “Atletik” 1:1.
Gollar: Ronaldu (87) – Inyaki Uilyams (14).
“Real Madrid”: Navas, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos, Vaskes, Kroos, Modrich, Asensio (Isko, 69), Benzema (Beyl, 69), Ronaldu.
“Atletik”: Arrisabalaga, Martines, Nunes, Balensiaga, De Markos, Raul Garsiya, Iturraspe, Kordoba (Muniain, 70), San Xose, Inyaki Uilyams (Aduris, 85), Inigo Lekue (Susaeta, 79).
Ogohlantirishlar: Inyaki Uilyams (39), Vaskes (45), Iturraspe (61), De Markos (84), San Xose (89), Karvaxal (90).
Akmalxon Eshonxonov