Termiz bank kolleji direktori o‘rinbosari Muzrabot ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirganlik to‘g‘risida soxta diplom rasmiylashtirib berishga uringan paytda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. 2019-2020 o‘quv yili kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga diplomlarni topshirish ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli buyrug‘i qabul qilingan. Buyruqqa binoan Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari hamda kasb-hunar kollejlarida diplom blanka (ilova)larini qabul qilish, hisobga olish, saqlash, topshirish va ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha javobgar shaxslar belgilangan. Shuningdek, kasb-hunar kollejlari 2019-2020 o‘quv yili bitiruvchilarining o‘qishga qabul qilinganligi, 2- va 3-bosqichga o‘tganligi to‘g‘risidagi buyruqlari asosida bitiruvchilarning ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Mazkur bazaga tegishli muddatda kasb-hunar kollejida ta’lim olmagan o‘quvchilarni kiritishning imkoni yo‘q. Joriy yilda shaxsga tegishli diplomning haqiqiyligi ushbu ma’lumotlar bazasi yordamida tekshiriladi. Kasb-hunar kollejlarida yakuniy davlat attestatsiya imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga amaldagi qonun hujjatlari asosida davlat namunasidagi diplom rasmiylashtiriladi. “Shunday ekan, hamyurtlarmizdan jinoiy ishlarga aralashib qolmaslikni va ta’lim olmagan kasb-hunar kollejlaridan soxta diplom olib beraman degan shaxslarga ishonib qolmaslikni so‘raymiz”, – deya ogohlantiradi vazirlik.