Sentabr-oktabr oylari respublikamizda to‘y mavsumi. Aslida yurtimizning qaysi bir go‘shasiga bormang to‘y ustidan chiqishingiz aniq. 6 sentabr kuni “Ummon” guruhi xonandasi Jasur Rapikovning xonadonida ham karnay-surnay navolari yangradi.
Jasur va Gulnozaxonlarning visol oqshomi poytaxtimizdagi “Versal” restoranida bo‘lib o‘tdi. Restoran kiraverishga qizil gilam to‘shalgan, atrof odamlar bilan gavjum. Bu holat jahon miqiyosida o‘tadigan festivallarni eslatib yubordi. Ikki yosh to‘yxonaga “Afruz” guruhining “Kelibdi” nomli qo‘shig‘i bilan kirib kelishdi.
To‘yda mehmon san’atkorlar ro‘yxatini “Nihol” mukofoti sovrindori Manzura boshlab berdi. Xonanda so‘zga chiqar ekan Jasurni juda hurmat qilishi, uning insoniyligi va odamgarchiligi haqida juda uzoq gapirdi.
To‘yda shou biznesimizning juda ko‘p taniqli vakillari, aktyorlar, xonandalarga ko‘zimiz tushdi. Xususan, Shahzoda, Oybek va Nigora, Doston Ubaydullaev, Jahongir Poziljonov, Muqaddas Sa’dullayeva, Sardor Isroilov, Dilshodbek Kattabekov, Botir Yaminov, Tohir Usmonov, Asqar Hikmatovlar birinchilardan bo‘lib tashrif buyurishgan bo‘lsa, Munisa Rizayeva, Shohruxxon, Alisher Fayz, Farrux Komilovlar biroz kechikib kelishdi. Kuyovbola xonanda Shohruxxon va “Afruz” guruhining qo‘shiqlariga mazza qilib raqsga tushdi.
Shu kuni davrani olib borish vazifasi radioboshlovchi Akmal Mirzo va aktrisa Shahzoda Muhammedovaga topshirilgan bo‘lsa-da, Muhammedova shu kuni ko‘proq suratga tushish bilan ovora bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmas. Kelin va kuyov uchun mashhurlarning video tabriklarini yig‘ish esa aktyor Sherzod BINga yuklatilgandi.
Kelin Gulnozaxon gulistonlik bo‘lib, Jasur bilan tanishishganiga besh yil bo‘lgan. Mehr va muhabbat, ota-onalarining oq fotihasiyu yaqinlar guvohligida tuzilgan yangi oilaga mustahkam sog‘liq, baxt va omad tilab qolamiz. Kelajakda mustaqil O‘zbekistonning nomini dunyoga yoyadigan, el yurt xizmatiga kamarbasta farzandlarning ota-onasi bo‘lishlariga tilakdoshmiz.
Qamariddin ShAYXOV tayyorladi
|