Ulug'bek Rahmatullaevning ijodiga mansub "Ko'zlaringga qarab" klipi TVM telekanalida eng ko'p so'ralayotgan va shu bilan birga eng ko'p tanqidga uchrayotgan klip bo'lib turibdi. Xo'sh, bu tanqidlarning asl sababi nima ekan? Bu tanqidlar sababi Ulug'bekning klipida rus millatiga mansub qiz suratga tushganligi bo'lmoqda. Biz bu borada qiziqib, Ulug'bek Rahmatullaevdan nima sababdan o'z klipida rus millatiga mansub qizni suratga tushirganligi va shu yuzasidan kelib chiqqan tanqidlarga bo'lgan munosabati haqida so'radik. "Biz O'zbekistonda, ya'ni demokratik davlatda yashamoqdamiz. Shu bilan birga bizda millatchilik, degan narsa yo'q. Bu klipimizda rus qizi suratga tushgan bo'lsa, keyingi kliplarda koreys yoki bo'lmasa afro-amerikalik qizni olib chiqishimiz ham mumkin. Shu yuzasidan bo'layotgan tanqidlarga yengil munosabatda bo'laman. Chunki, bu aslida tanqid ostiga olinishga arzimaydigan sabab." - deydi, Ulug'bek Rahmatullaev.
Shuningdek, Ulug'bek Rahmatullaevdan bir qator yangiliklar bilan ham sizni tanishtirib o'tamiz. Sevimli yulduzingiz endi Farg'ona vodiysi bo'ylab gastrol konsert dasturini uyushtiradigan bo'ldi. Avval aytib o'tganimiz "Bemor" taronasi ham tayyor bo'ldi. Eslatib o'tamiz, ushbu qo'shiq bastakori ham "Ko'zlaringga qarab" qo'shig'ini yozgan Ahmad Xojimatov hisoblanadi. Mazkur qo'shiq uchun Narimon Sultonxo'jaev tomonidan ishlanadigan klip ham tez orada muxlislar hukmiga tortiq etiladi.
Ertaga 18:30da "O'zbegim taronasi" radiosi orqali Ulug'bek Rahmattullaev qo'llab kelayotgan yosh xonanda Jasmir ijodidan "Sog'indim" nomli yangi taronani ham ilk bora tinglashingiz mumkin bo'ladi. Mazkur qo'shiq musiqasini ham aynan Ulug'bek Rahmatullaev yozganligi alohida ahamiyatga ega. Aranjirovka muallifi esa Jasur Badalboev.