Bugun, 26 noyabr kuni Toshkent viloyatidagi navbatdagi fojiali voqea qayd etildi. Tungi soat 03:00 larda Zangiota tumani, Nazarbek qo‘rg‘oni, Ahilobod MFY, Mustaqillik ko‘chasidagi uyning hovlisidan uy egasi 1985 yilda tug‘ilgan A.N.ning, uyning yong‘in sodir bo‘lgan xonasidan voyaga yetmagan qizi, 2010 yilda tug‘ilgan Sh.A.ning murdalari topilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan xabar qilindi.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning 26 noyabrdagi dastlabki ma’lumotnomasida N.A. va A.Sh.larning o‘limi is gazidan zaharlanish, yurak va nafas faoliyatining o‘tkir yetishmovchiligidan deb qayd qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 noyabr kuni Toshkent viloyatiga 84 yashar otaxon ham uyidagi yong‘inda kuyish jarohatini olib, vafot etgan edi.