Toshkentdagi avtobuslar qatnovi vaqti o‘zgaradi, haydovchilarga maxsus kiyim
Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan Hosil Xolmatov “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Hosil Xolmatov raisligida joriy yilning 13 va 14 may kunlari jamiyat tarkibidagi barcha korxonalar rahbarlari, mutasaddi xodimlar va yo‘lovchi tashuvchi yo‘nalishlar sardorlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Yig‘ilishlarda “Toshshahartransxizmat” AJning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilab olindi, jumladan:
– yo‘lovchi tashish transportida xavfsizlikni ta’minlash;
– aholining yo‘lovchi tashishga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish;
– aholidan tushayotgan ariza va shikoyatlardan kelib chiqib, avtobuslarning tasdiqlangan ish rejimi va tasdiqlangan jadval bo‘yicha, ya’ni ertalab soat 04:30 dan boshlab soat 24:00 gacha ishlashini ta’minlash;
– nosoz avtobuslarni zudlik bilan ta’mirlash va ulardan yo‘lovchi tashishda samarali foydalanish;
– avtokorxonalardagi barcha ishchi-xodimlarning, shu jumladan, farrosh, chilangar, haydovchilar va chiptachilarning oylik maoshini oshirish, ularning mehnatiga qarab munosib rag‘batlantirishni ta’minlash;
– haydovchi va chiptachilarning yo‘lovchilarga bo‘lgan muomala madaniyatini yuksaltirish;
– haydovchilarga qulay mehnat sharoitini yaratish, ularga eng qulay va sifatli meteriallardan kiyim-bosh tiktirish va boshqalar.