Haydovchilar Toshkentdagi svetaforlarning nosozligidan shikoyat qilishdi
27 yanvar kuni ushbu guruhda Toshkent shahridagi yo‘llarga o‘rnatilgan svetaforlarning nosozligi kunning asosiy mavzusi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Facebook.com ijtimoiy tarmog‘idagi Voditeli Tashkenta guruhi a’zolari bugun qariyb 55 mingtani tashkil etyapti. Mazkur guruhda haydovchilar kunning eng muhim mavzularini, avtomobillarga oid xabarlarni muhokama qilib borishadi.
27 yanvar kuni ushbu guruhda Toshkent shahridagi yo‘llarga o‘rnatilgan svetaforlarning nosozligi kunning asosiy mavzusi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kimdir Toshkentning Yunusobod tumani, Sayram dehqon bozori joylashgan “Yunusota” ko‘chasidagi svetaforning uchala chirog‘i bir vaqtning o‘zida yonayotganidan shikoyat qilsa, yana boshqa birov Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi qarama-qarshi yo‘lning faqat bir tarafidagina svetafor ishlayotganini va bu erta tongdan haydovchilarga noqulaylik tug‘dirayotganini aytdi. Xuddi shu suhbatga Facebook’ning yana bir foydalanuvchisi qo‘shildi. U ham Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasidagi chorrahada svetaforning uchala chirog‘i bir vaqtning o‘zida yonayotganidan shikoyat qilgan.
Voditeli Tashkenta guruhida svetaforlarning suratlari va mualliflarning izohlari uzoq muhokama qilindi. Foydalanuvchilarning fikricha, bunday holat Toshkent shahrida birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Haydovchilar orasida bu holatni svetaforlarning eskirgani va yog‘ingarchilik oqibatida “zamekaniya” bo‘layotganini yozib qoldirayotganlar ham yo‘q emas.