Toshkentda Yangi yil archalari qad rostlashi 13 kunga kechikdi
Ayni damda butun respublikamiz bo‘ylab Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Viloyat va shaharlardagi dehqon bozorlarida Yangi yil yarmarkalari tashkiletilgan.
Avvalroq, Toshkentning 9 ta maydonida Yangi yil archasi tadbirlari o‘tkazilishi haqidaxabar bergan edik.
Har yili 15 dekabr sanasida qurib bitkaziladigan archalardan hamon darak yo‘q. Nafaqat “Mustaqillik va egulik” maydoni, balki boshqa maydonlarda ham bayram archalari qurib bitkazilmagan. Bu yil archalarning o‘rnatilishi, shoxobchalarning ish boshlashi o‘tgan yilgiga qaraganda 13 kunga kechikyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 12 dekabrdagi “Toshkent shahrining “Mustaqillik va ezgulik” maydoni hamda shaharning boshqa maydonlarida Yangi yil bayrami madaniy tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi majlis bayoniga ko‘ra, “Mustaqillik va ezgulik”maydoni, Shayxontohur tumani Xadra maydoni va “Lokomotiv-Anhor” bog‘i yonidagi maydonlari, Yunusobod tumani Sayilgoh maydoni, Chilonzor tumani Algoritm dahasidagi “Roison Electronics” korxonasi oldi maydoni, Yashnobod tumani “Aviasozlar” shaharchasi maydoni, Mirzo Ulug‘bek tumani “Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog‘i, Sirg‘ali tumani “Sunday” supermarketi oldi maydoni hamda Bektemir tumani “Quyoshcha nuri” madaniyat va istirohat bog‘larida 2016 yil 28 dekabrdan 2017 yil 8 yanvargacha Yangi yil bayrami madaniy tadbirlari o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Har yili asosiy ommaviy tadbirlar “Mustaqillik va ezgulik” maydonida o‘tkazilar edi. Bu yil esa manzil o‘zgardi. Poytaxt aholisi va mehmonlari uchun kirib kelayotgan Yangi yil bayramini ommaviy nishonlash uchun “Lokomotiv-Anhor” bog‘i yonidagi maydon tanlandi va bu hududda ulkan obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Salkam 4 gektar hududda bunyod bo‘lgan bayram maydonining markazida, tabiiyki, ulkan archa qad ko‘targan. “O‘zmaxsusmontaj” aksionerlik jamiyatining “Chirchiqstalmontaj” MChJ ishchilari tomonidan barpo etilayotgan balandligi 26 metr, aylanasi 7,7 metr bo‘lgan sun’iy archaning barcha ehtiyot qismlari, hattoki unga bezatiladigan o‘yinchoqlar ham Rossiyadan keltirildi. Qish ziynati bo‘lmish ushbu archa 10 mingdan ziyod qo‘g‘irchoq va rang-barang tovlanuvchi chiroqlar bilan bezatilmoqda.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududidagi 20 ta yangi attraksionlar va o‘yin qurilmalari, 8 ta 5 metrli, 3 ta 10 metrli archa, 2 ta bioxojatxonalar hamda ulkan ekranlar o‘rnatildi. Mazkur ekranlarda bolajonlar uchun milliy multfilmlarning namoyish etiladi. Asosiy sahnadagi ekranda ijtimoiy video lavhalar, ya’ni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aks etgan videolavhalar namoyish etiladi.
“Mustaqillik va ezgulik” maydonida esa balandligi 27,8 metrli Yangi yil archasi o‘rnatildi. Yangi archa bezaklari va o‘yinchoqlar bilan bezash va bannerlar chop ettirish ishlari olib borilmoqda.