Mustaqillik maydonida yangi yil archasini qurish ishlari boshlandi
Mustaqillik maydonidagi bayram tomoshalari joriy yilning 28 dekabridan 2016 yilning 8 yanvarigacha davom etadi.
Har yili yangi yil arafasida bosh maydonimiz – mustaqillik maydonini bayramga xos tarzda bezatish an’ana aylangan. Toshkentliklar va poytaxt mehmonlarining bayramni munosib qarshi olishi uchun bu maydon har yili o‘zgacha ko‘rinish kasb etadi.
15 dekabrdan boshlab Mustaqillik maydonida mahobatli yangi yil archasi va savdo rastalarini qurish, umuman, maydonni bayramona ko‘rinishda bezatish ishlari boshlab yuborildi. Bu yilgi archaning necha metr bo‘lishiyu savdo rastalari, shuningdek, mehmonlar uchun yaratilayotgan sharoit va qulayliklar, atraksion hamda tomoshalar haqida hozircha aniq ma’lumotlar berilmayapti. Biroq bu yilgi bayram archasi va uning atrofidagi tomoshalar har yilgidan farq qilishi aniq.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Mustaqillik maydonidagi yangi yil archasi bayram tadbirlari joriy yilning 28 dekabridan 2016 yilning 8 yanvariga qadar davom etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “O‘zbekteatr” ijodiy uyushmasi, “Toshshaharnur” unitar korxonasi, Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi savdo departamenti, Toshkent shahar IIBB, FVV xodimlari yurtdoshlarimizning bayramni munosib kutib olishi va oila a’zolari bilan hordiq chiqarishi uchun harakatni boshlab yuborishgan.
Shuningdek, poytaxtimizning Xadra maydoni va Chilonzor tumani Roison kompaniyasi qarshisida ham yangi yil bayramiga atalgan archalarni qurish ishlari boshlab yuborildi.