«Tashkent Pharma Park» innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori (PQ–4574-son, 28.01.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Toshkent viloyati Qibray tumanida «Tashkent Pharma Park» innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasteri tashkil etiladi.
Klaster o‘z ichiga quyidagilarni tashkil etishni qamrab oladi:
Farmasevtika texnik universiteti;
innovasion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ishlab chiqarish maydonlaridan iborat sanoat zonasi.
Qaror bilan klasterning hamda universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.
Jumladan, universitet dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlaydi.
Qaror bilan klasterni tashkil etish bo‘yicha konsepsiya hamda amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Konsepsiyaga ko‘ra, klasterni tashkil etishdan maqsad respublikaning farmasevtika tarmog‘ini quyidagi uch yo‘nalishda rivojlantirish hisoblanadi:
farmasevtika fanini rivojlantirish;
farmasevtikada ta’lim tizimini takomillashtirish;
chuqur ilm talab qiladigan va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil qilish.
Shuningdek, qaror bilan Klasterning vasiylik kengashi hamda Davlat muassasasi shaklidagi «Tashkent Pharma Park» innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi tashkil etildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Direksiya faoliyatini muvofiqlashtiradi.