Toshkentda yana bir yer usti piyodalar o‘tish yo‘li barpo etiladi
Bugungi kunda poytaxtimizning Shota Rustaveli hamda Muqimiy ko‘chalari kesishmasida yo‘llarni kengaytirish maqsadida katta qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi buyurtmasiga asosan 1 may kuni “ToshkentBoshplanLITI”, “Boshtransloyiha” loyihalash institutlari, “Ko‘prikqurilish”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yo‘lo‘tkazuvchi ko‘prik qurilishi boshlangan.
Mazkur ob’ektning pasportiga nazar solsangiz, unda uzunligi 922 metr, balandligi 7,5 metrni tashkil qilgan 4 polosali avtomobil yo‘lini o‘z ichiga olgan yo‘l o‘tkazuvchi ko‘prik qad rostlashini guvohi bo‘lishingiz mumkin.
Bundan tashqari avvalgi “Gap” kafesining oldidagi avtobus bekatidan Estrada sirk kolleji tomoniga o‘tadigan uzunligi 66 metr, balandligi 6,5 metrni tashkil qiladigan, ikki tomoni eskalator bilan jihozlangan yo‘l usti piyodalar yo‘lagi ham bunyod etiladi. Avval mazkur yo‘ldan o‘tishda piyodalar tinimsiz transport oqimi sababli katta noqulayliklarga duch kelardi. Eslatib o‘tamiz, Toshkentda birinchi yerusti piyodalar o‘tish yo‘li Gulzor (sobiq «Ganga») maydonida 2015 yilda bunyod etilgan.