Toshkent shahrida benzin tanqisligi kuzatilmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilayotgan fotosuratlar va haydovchilar tomonidan qoldirilayotgan izohlar orqali ham bilish mumkin. Ilk muammo qaysi yoqilg‘i quyish shahobchasidan benzin olish mumkinligi bo‘lsa, yana bir tarafdan qiyinchilik bilan topilgan shahobchadagi navbat muammosi...
13 oktabr kuni Facebook tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri Yunusobod tumanidagi AYoQShlardan umuman benzin topa olmaganini ma’lum qilgan. Yana bir haydovchining “Parkent” bozori tarafdagi shahobchada yoqilg‘i borligi haqidagi xabaridan so‘ng, o‘sha yerga borgan avtomobil egalari u yerdan ham benzin xarid qilishga ulgurishmaganini ma’lum qilishgan. TTZ hududidagi shahobchada esa haydovchilar soatlab navbat kutishayotganini bildirishgan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ma’lum qilishlaricha, ayrim hududlarda, xususan Toshkentnig Samarqand darvoza supermarketi ro‘parasida mahalliy aholi vakillari tomonidan yoqilg‘ini plastik idishlarga solib, AYoQShlarda belgilangandan yuqori narxda sotilyapti.
Avvalroq, “O‘zneftmahsulot” aksionerlik kompaniyasi yoqilg‘i quyish shahobchalariga benzin belgilangan hajmda yetkazib berilayotganligini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay ayrim AYoQShlar soat 18:00dan keyin faoliyatini to‘xtatyapti. Benzin sotib olish mumkin bo‘lgan AYoQShlarda esa juda katta tirbandlik yuzaga kelyapti.
Mutaxassislar ba’zi bir haydovchilarning me’yoridan ortiq hajmda benzin sotib olishlari bois tanqislik kuzatilayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Shu sabab ko‘plab shahobchalarda kech bo‘lmasdan benzin tugayapti.