Toshkentda benzin taqchilligi kuzatilmoqda, bunga ob’ektiv sabab bormi?
Toshkent shahridagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida yana navbatlar vujudga kelmoqda. Shu sababdan erta tongdan AYoQSh joylashgan ko‘chalarda tirbandliklar kuzatilmoqda.
Kun.uz sayti ushbu masala yuzasidan “O‘zneftmahsulot” aksionerlik kompaniyasi bilan bog‘landi. “Toshkent shahriga har doimgi me’yorda neft mahsulotlari yetkazib berilmoqda, - dedi kompaniya vakili. - Benzin kamayib, narxi qimmatlashishi to‘g‘risidagi shov-shuvlar sababli haydovchilar zaxira yaratib olish maqsadida navbatga turishmoqda”.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yil sentabr oyida (taxminan 17 sentyabrda) e’lon qilingan “Shov-shuvlar o‘rinsiz” sarlavhali xabarda ham “O‘zneftmahsulot” aksionerlik kompaniyasi “to‘liq ishontirib” quyidagilarni ma’lum qilgan edi: “mamlakatimizda avtobenzin va boshqa YoMMlar ta’minoti bo‘yicha muammo yo‘q, bo‘lmaydi ham. Ayni kunlarda yuzaga kelgan mazkur muammoni zudlik bilan hal etish, kamchiliklarni bartaraf etish, aholini avtobenzinga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va vaziyat tez fursatda o‘nglanadi...”
Biroq aytish mumkinki, kompaniya vakili sanab o‘tgan sabablarning bugun poytaxtda kuzatilayotgan navbatlarga daxli yo‘qdek. Zero, uzoq kutib shoxobchaga kirib kelgan ko‘pchilik haydovchilardan birinchi navbatda yukxonani ochib, unda zaxira benzin solish uchun idish bor-yo‘qligi tekshirilmoqda. Go‘yoki haydovchilar AYoQShda qo‘shimcha idishga benzin quyilmasligini bilib turib ham shu kabi “kanistr-bachok” yukxonasida olib yuradigandek. Bizning nazarimizda, haydovchilarning tonggi uyqusi, tig‘iz ish vaqtidan voz kechib benzin zaxirasini jamg‘arishga istagi ham, imkoni ham yo‘q.
Yuqorida aytib o‘tilgan shov-shuvlar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlar, o‘zaro suhbatlarda Toshkent shahridagi deyarli har bir AYoQSh oldida uzundan-uzun navbatlar paydo bo‘lgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar, surat va videotasvirlar muhokama qilinmoqda. Bundan boxabar bo‘lgan qaysi haydovchi xavotirga tushmaydi, deya olasiz? Shundan kelib chiqib, sohaga mas’ul tashkilotlar bor aybni haydovchilarga yuklab qo‘ymasdan, masalaga ijobiy yechim topsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.