14 mart kuni soat 11:40 larda Uchtepa tumani «Cho‘pon ota» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Aksava» kompaniyasiga qarashli ikki qavatli avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi 2 ta boksining derazasi va devorlari qisman qulash sodir bo‘lgan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, holatning kelib chiqishiga kislorod yoki gaz ballonining yorilishi sabab bo‘lganligi taxmin qilinmoqda, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Buning oqibatida 1 nafar fuqaro voqea joyida va 1 nafari kasalxonada vafot etgan. Shuningdek, 4 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. «Ayni vaqtda hodisa sodir bo‘lgan joyda Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda», — deyiladi FVV axborotida. Qo‘shimcha qilishlaricha, mazkur holatning kelib chiqish sabablari yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.