Toshkentda favqulodda holat joriy qilish taklif qilindi
Koronavirus infeksiyasidan kasallanishning yanada ko‘payishini oldini olish maqsadida «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan karantin rejimini kuchaytirish taklif etdi. Xususan: - Toshkent shahri va Toshkent viloyatida favqulodda holat joriy etish; - Karantin shartlariga rioya etilishi ustidan lozim darajadagi nazorat olib borish uchun armiyani qisman safarbar etish; - Butun respublika hududida temir yo‘l, havo yo‘llari, avtomobil transporti orqali yo‘lovchilarning shaharlar va tumanlararo harakatlanishini cheklash; - Joylarda, ayniqsa mamlakatning chekka hududlarida ko‘chma punktlar va laboratoriyalar tashkil etish va ularni koronavirusni aniqlovchi ekspress-testlar bilan ta’minlash; - Covid-19 virusini aniqlashga mo‘ljallangan ekspress-testlarning importi va realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi xususiy sektorni davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash; - Epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, jumladan barcha muassasa va tashkilotlar, jamoat joylari (transport, dam olish joylari,savdo markazlari,bozorlar,yonilg‘i quyish shahobchalari, ko‘p qavatli binolarning kirish joylari) binolarini bepul dezinfeksiya qilish; - Alohida korxona va tashkilotlarni zarur bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirish, masalan, shaxsiy himoya vositalari( tibbiy niqob, respirator va b.), antiseptik vositalar, preparat va uskunalar (sun’iy nafas oldirish apparatlari); Masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimini, shu jumladan hududlarda zarur tibbiy dorilar va vositalar, oziq-ovqat va boshqa zaruriy mahsulotlarni yetkazib berish xizmatlarini kengaytirish. Eslatib o‘tamiz, 24 martdan boshlab Toshkent shahridan kirib-chiqishga cheklov qo‘yildi.