“Kamolot” faollari internet yordamida IShIDga qarshi kurashadi
Yaqin oylardan boshlab Toshkentda IShIDning yoshlarga ta’siriga qarshi kurash bo‘yicha yangi loyiha ishga tushadi. Bu haqda Sputnik agentligi poytaxt hokimiyatidagi axborot manbasiga asoslanib xabar qildi.
Ayni paytda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Toshkent shahar kengashi hamda Toshkent islom universiteti poytaxt hokimiyati ko‘magida fevral oyida boshlanishi lozim bo‘lgan loyihaning so‘nggi detallarini ishlab chiqishni yakunlamoqda.
“IShID fenomeni odatiy hayot tarzidan voz kechib, Yaqin Sharqqa jang qilishga yo‘l oladigan yosh yigit va qizlarni yollashning samarali tizimini ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Yollash jarayonida islomning asl qadr-qiymati yolg‘ol tushunchalar bilan o‘rin almashayotganda yoshlarga atrofdagilar yomon, IShID otryadlarida esa hammasi yaxshi ekani aytiladi”, - dedi axborot manbasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan ushbu bosqichda barcha e’tiborni kuchaytirish va yosh avlod ongiga vayronkor g‘oyalarning singdirilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Biroq yoshlar ko‘pincha kattalarning so‘zlarini inkor qiladi yoki salbiy qabul qiladi. Shuning uchun terroristik va ekstremistik g‘oyalarning zararli ekani to‘g‘risida yosh avlod vakillariga ularning tengdoshlari so‘zlab berishini ko‘zda tutgan tashabbusni amalga oshirishga qaror qilindi.
Loyiha ikki asosiy yo‘nalishda amalga oshiriladi. Birinchisida Toshkent islom universiteti talabalari o‘z tengdoshlari uchun interaktiv seminarlar o‘tkazishadi. Seminarlar internet yordamida mamlakatimizning har bir hududidagi ta’lim muassasalariga translyatsiya qilinishi evaziga kengroq auditoriyani qamrab olishga imkon tug‘diradi.
Ikkinchi yo‘nalishda esa poytaxtimizdagi har bir mahalla yoshlari bilan individual ish olib borilib, ularda talabalar terrorizm, millatchilik va ekstremizmning zararli ekanini yaqqol misollar bilan hikoya qilib berishadi.
Rejaga ko‘ra, loyiha 2016 yil davomida olib boriladi. Shundan so‘ng ekspert guruhi natijalarni baholab, ushbu tajribani boshqa hududlarda ham davom ettirish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha qaror qabul qiladi.