Soufan Group: IShID tarkibida O‘zbekistondan chiqqan 500 jangari bor
AQShning xavfsizlik sohasida konsultatsiyalar berish bilan shug‘ullanadigan Soufan Group kompaniyasi ekspertlari Foreign Fighters (Xorijlik jangarilar. Suriya va Iroqqa chet eldan jangarilar kelishi oqimining yangilangan hisob-kitoblari) nomli yangi hisobotda ta’kidlanishicha, oxirgi yarim yil ichida IShID tarkibiga qo‘shilgan chet elliklar soni 2 barobarga o‘sgan.
Ta’kidlanishicha, ayni kunlarda Suriya va Iroqda IShID bayroqlari ostida 86 mamlakatdan tashrif buyurgan 27 mingdan 31 minggacha chet elliklar kurashmoqda. 2014 yil iyunida bu ko‘rsatkich 12 ming kishiga teng edi. Kompaniya tahlilchilari bu hisob-kitoblarda BMT, hukumatlar va akademik doiralar keltirgan ma’lumotlarga asoslanmoqda.
Terrorchi guruh tarkibida G‘arbiy Yevropa vakillarining soni 2 barobarga oshgan bo‘lsa, Rossiya va Markaziy Osiyo jamoasi 3 marta ko‘paygan. Jadvalda berilgan norasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar soni 500 kishini tashkil etadi. Bu borada eng kichik ko‘rsatkich Yangi Zelandiya (6 kishi), Qatar (10 kishi), Portugaliya (12 kishi) va BAAda (15 kishi) bo‘lsa, eng ko‘p jangarilar Suriya va Iroqqa Tunis (7 ming kishi), Iordaniya (2.5 ming kishi), Saudiya Arabistoni (2.5 ming kishi), Rossiya (2.4 ming kishi, asosan Checheniston va Dog‘iston vakillari), Turkiya (2-2.2 ming kishi), Marokash (1.5 ming kishi) va Misrdan (ming kishi) kelgan.
IShID tarkibida G‘arbiy Yevropa vakillarining umumiy soni 5 kishidan oshadi. Ularning 4 ming nafari Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Belgiya fuqarolaridir. Shu bilan birga, G‘arbiy Yevropa namoyandalarining aksariyat qismi u yerdagi yopiq musulmon jamoalaridan kelib chiqqani ta’kidlanmoqda.
MDH davlatlari vakillarining umumiy soni 4.7 ming kishini tashkil qilgan.