Toshkentda Botir Zokirovning 80 yillik yubileyi nishonlanadi
18—26-aprel kunlari Toshkentdagi Bonum Factum galereyasida afsonaviy o‘zbek xonandasi Botir Zokirovning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Yubiley tadbirlarini Botir Zokirovning o‘g‘li — Bahodir Zokirovning “Meros” shaxsiy ko‘rgazmasi ochadi. Ochilish marosimida uning qo‘shiqlari “Karavan” guruhi ijrosida yangraydi.
21-aprelda “Sato” guruhi ishtirokida musiqiy kecha o‘tkaziladi, unda rejissor Bahodir Zokirovning “To‘lqincha” filmidagi musiqiy ohanglar ijro etiladi, 24-aprelda esa Marat Shunqor guruhining musiqiy kechasi bo‘lib o‘tadi.
26-aprelga rejalashtirilgan xotira kechasida O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov rahbarligidagi Botir Zokirov nomli etnojaz orkestri qatnashadi, shuningdek, Bahodir Zokirov rejissorlik qilgan “Botir Zokirov” filmining taqdimoti bo‘lib o‘tadi.