Toshkentda 44 yoshli erkak og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi
Joriy yil 16 mart kuni Toshkent viloyatining Piskent tumani hududidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘lining 53 kilometrida harakatlanib kelayotgan “Neksiya” rusumli transport vositasi haydovchisi, 1976 yilda tug‘ilgan A.X. shu yo‘nalishda orqaga qayrilib olish uchun burilish chiroqlarini yoqib turgan, haydovchi S.T. boshqaruvidagi yuk avtomobiliga kelib urilgan. To‘qnashuv natijasida “Neksiya” rusumli avtomobil haydovchisi A.X. hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ushbu yo‘l-transport hodisasini bir ozgina tahlil qiladigan bo‘lsak, unda haydovchi oraliq masofani saqlamaganligi, harakatlanish chog‘ida ehtiyotsizlik qilganligi ko‘rinadi. To‘g‘ri, xulosa tergov yakunlariga ko‘ra chiqariladi. Ammo, har qanday holatda ham haydovchi ehtiyotsizlik qilgani ko‘rinib turibdi.