Toshkent markazidagi ko‘chalarga yomg‘ir vaqtida asfalt yotqizildi
Toshkent markazida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatriga yondosh ko‘chalarga dam olish kunlari kuzatilgan yomg‘ir vaqtida asfalt yotqizildi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida xabar qoldirilgan.
Foydalanuvchilardan birining qayd etishicha, noqulay ob-havo sharoitiga qaramay shaharning bu qismidagi ko‘chalarning ta’mirlanayotgani — tez orada rekonstruktsiyasi yakunlanay deb qolgan teatr ochilishi bilan bog‘liq.
Guruhning aksariyat foydalanuvchilari yomg‘irda asfalt yotqizilishini istehzo bilan tanqid ostiga olgan, ulardan biri mazkur masalaning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini so‘rab, My.gov.uz orqali tegishli tashkilotga murojaat qilish kerak, deb fikr bildirgan.
Qayd etish joiz, ba’zi mutaxassislar yomg‘ir yoki qor yog‘ayotganida asfalt yotqizish mumkin, deb hisoblaydi. Jumladan, Autonews’ning yozishicha, faqat jala vaqtida asfalt yotqizib bo‘lmaydi, “Argumenti i Fakti”ning qayd etishicha, so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan zamonaviy texnologiya va materiallar yordamida havo harorati -10 bo‘lganida ham asfalt yotqizish mumkin.