Sobiq “Turkuaz” — Toshkent savdo markazi sifatida qayta ish boshladi
2000-yillardan keyin Toshkent shahrining qoq markazi, Chorsu bozori atrofidagi sobiq “GUM” binosida ish boshlagan “Turkuaz” savdo majmuasi qariyb 10 yil davomida samarali faoliyat yuritgan edi. 2010 yildan so‘ng bu dargohdan odam oyog‘i uzildi, yirik savdo markazi xuvillab qolgan edi.
Bugun, 15 noyabr kuni sobiq “Turkuaz” — Toshkent savdo markazi sifatida yangidan ish boshladi. Ochilish marosimi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Savdo majmuadan mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari do‘konlari o‘rin olgan. Birinchi qavatda maishiy texnikalar sotiladigan muhtasham do‘konlarga duch kelasiz. Yuqorigi qavatlarda esa kattalar va bolalar kiyimlari hamda uy jihozlari do‘konlari joylashgan.
So‘nggi yillarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga talab yuqori. Buni do‘konlar peshtaxtalaridan o‘rin olayotgan mahsulotlardan ham bilish mumkin.
Bugungacha Turkiya, Xitoy, Koreya kabi mamlakatlar liboslari trendda bo‘lgan bo‘lsa, ayni damda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechaklar xorijnikidan farq qilmayapti. Narxi ham hamyonbop.
Toshkent savdo markazida bo‘lib, “O‘zbekengilsanoat” AJning o‘zimizda ishlab chiqarilgan erkaklar liboslari do‘koniga bosh suqdik. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, dizayni va sifati bilan xorij mahsulotlaridan farq qilmaydigan liboslar mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda.
2016 yil 5 oktyabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkor faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston importning asosiy nuqtasi emas, sifatli va eksportbop mahsulotlari bilan dunyo bozoriga aylanishiga oz qoldi.