Rejissyorlar unda beg‘ubor qizaloqni ko‘rishadi. Ammo uning orzusi dramatik rol ijro etish! O‘ziga ishonchi baland, ba’zan soddaligi ham bordek tuyuladi. Shu kunlarda to‘y tashvishlari bilan band bo‘lgan aktrisa Sitora ALIMJONOVA bilan suhbatlashdik.
—Sakkizinchi avgust kuni to‘y deng, tabriklaymiz!
—Xudo hoxlasa! Tabrik uchun rahmat!
—Kuyovbola bilan tanishtirasizmi?
—Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im juda kamtar yigit. Oila a’zolari ham shunday, ovoza bo‘lishni istashmaydi. Shunga ham u haqida to‘liq ma’lumot berolmayman. Vaqti-soati bilan oilam to‘g‘risida bilib olasiz, ammo hozir emas. Qolaversa, ko‘z tegadi degan gaplar ham bor.
—Irimlarga ishonmasdingiz-u?..
— Ishonishga ishonmayman-u, ammo bu mavzuni shov-shuv qilish shart emas, nazarimda. Baxtiyorligingiz haqida pichirlab gapiring, yaxshisi, umuman indamang, u sukunatni yoqtiradi, deyishadi-ku.
— Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingizni biznes bilan shug‘ullanadi, deb eshitdik?..
— Ha, shunday. Asli, otalari tadbirkor, oilaviy an’anani davom ettirgan holda bo‘lajak turmush o‘rtog‘im ham ayni shu faoliyat turini tanlaganlar.
—Balki buning mavridi emasdir, shunday bo‘lsa ham yoshi qirqqa yaqinlashib qolgan kishi bilan oila qurganingiz haqida gapirishgandi?..
—Shou-biznesga kirib kelibmanki, men haqimda «Qirqqa kirgan kishi bilan uchrashib yuradi», deya gapirishadi. Hayronman, qaerdan olishgan, kimga kerak bu? Shu paytgacha hayotimdagi yagona muhabbatim bu bo‘lajak turmush o‘rtog‘imdir. U bilan 2012 yil tanishganmiz. To‘g‘ri, bu orada arazlashib, munosabatlarimizga nuqta qo‘yildi ham dedik. Ammo taqdirimiz qo‘shilgan ekan, yana uchrashdik, qalbimizdagi tuyg‘ular haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qildik. Yoshi katta erkak haqidagi gap esa mish-mishdan boshqasi emas.
— Gapingizni bo‘laman, kuyovbola bilan qancha vaqt arazda yurdingiz?
—Chamasi olti-etti oylar-ov, balki sakkiz oydir.
— Yaxshigina xafalashibsizlar-da o‘ziyam.
— Mish-mishlarning tarqalishi, menimcha, xonandalikka qo‘l urganimdan so‘ng boshlandi. Negaki, o‘sha paytlarda men shartnoma tuzgan kompaniya vakillari tadbirlarda menga hamrohlik qilishardi. S’yomkalarda yonimda bo‘lishgan, yoshgina qiz, o‘zidan ancha katta erkak bilan biror marosimga kirib kelishi gapiraman degan odamda turli fikrni paydo qilishi mumkin. Ammo bularning bari asossiz.
— Ammo o‘sha kompaniya bilan shartnomangiz bekor bo‘ldi?
—Ha, chunki moliyaviy masalalarda kelisha olmadik. San’atkorlar orasida bu kabi holatlar bo‘lib turadi
— Yoshgina qizning tez fursada tanilishi «Kimidir bor, balki homiysidir» degan fikrni keltirib chiqaradi-da ayrimlarda?..
— To‘g‘ri aytasiz, afsuski shou-biznes vakillariga nisbatan bu kabi munosabat hali ham saqlanib qolgan. Ammo meni bilganlar «Sitora Alimjonova Durdona To‘laganovaning loyihasi» deydi. Negaki, ilk rolimni aynan shu rejissyor filmida ijro qildim. Opam, aktrisa Dildora Hoshimovaning maslahatlari bilan o‘zimda aktrisalik qobiliyatini kashf qildim, Durdona opa esa meni kino bilan tanishtirdi. Shu xolos, hech qanday homiy ham, «qo‘llab-quvvatlovchi»lar ham yo‘q. Rostini aytsam, gap-so‘zlardan charchadim. Oxirgi paytlarda e’tibor bermaslikka harakat qilayapman. Kimda kim men haqimda noo‘rin fikr bildirsa ham «ha, shunaqadir» deya yon bosayapman. Hammaga asli kimligingizni isbotlayverib ham bezor bo‘larkansiz.
— Mayli, to‘y bahonasida uchrashdik, keling, achchig‘ingizni keltiradigan voqealarni eslamaymiz. Kuyovbola bilan ijtimoiy saytlardan birida tanishganingiz rostmi?
— Ha! U paytlari Koreyada, opamning yonida edim. «Facebook» orqali tanishdik, bir-ikki yozishib turdik. Toshkentga qaytganimdan keyin esa uchrashdik. U meni aktrisa sifatida tanimagan, munosabatlarimiz endigina kurtak ochayotgan mahal taqdirim kino bilan bog‘langanini bilmasdim. Oddiygina Sitora edim, xolos.
— To‘yingiz Pxuket orolida bo‘lishi haqida gap-so‘zlar ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi, ishqilib kuyov haqiqiymikan yo ijara olinganlardanmi, deya?
— (kulib) Yo‘-o‘-o‘q, rostakamiga turmushga chiqayapman! To‘yga kelsak, bu yerda qilinsa ham, xorijda o‘tkazilsa ham gap qilishadi. Shunday ekan, nima ahamiyati bor qaerda nishonlanishini. Sohil bo‘yida, faqat yaqinlarim qurshovida oppoq kelinlik libosini kiyib oila qurish, bolalik orzum edi. El oldiga dasturxon yozib, rasm-rusumlarni bajarishga qarshimasman, biroq dabdabani yoqtirmayman. Ishonasizmi, shu yoshga kirib atigi 3-4 ta to‘yda ishtirok etganman, xolos. Shunda ham o‘n besh daqiqa o‘tiraman-u, ketaman.
— Yaxshi, kelinsalom-chi, uni ham orolda o‘tkazasizmi?
— Kelinsalom Toshkentda bo‘ladi, qaytganimizdan keyin. Kichikroq qilib, barcha urf-odatlarga amal qilingan holda o‘tkaziladi.
— To‘y suratlarini ko‘rsatasizmi yo ...
— Kelinlik libosini kiyish har bir qizning orzusi, meniki ham! Albatta, suratga tushamiz, ijtimoiy tarmoqlarga joylanadi ular. Bekitmayman.
— Sal avval xonanda Sharof Muqimov bilan birgalikda kelin-kuyov obrazidagi suratingiz tarqab ketdi. Bilsak, bu internet saytlaridan birining loyihasi ekan?..
— «Shok.uz» saytining o‘zbek to‘ylariga bag‘ishlangan loyihasi bor. Sayt vakillari loyihada ishtirok etish taklifi bilan chiqishganida men aktyor Sherzod Binni aytgandim, birga suratga tushsak bo‘ladi, deb. Oradan vaqt o‘tib, qo‘ng‘iroq qilishdi va partnyoringiz Sharof Muqimov deyishdi. Asli, bizdan oldin ham ko‘pgina san’atkorlar qatnashishgan, ammo negadir hamma bizni gapirdi.
— Kimlar, masalan?
— Otabek Mutalxo‘jaev va Shahzoda Muhammedova, Zarina Nizomiddinova, Munisa Rizayeva va boshqalar. Nima uchun salbiy fikrlar nishoniga aylandik, bilolmadim.
— Loyiha Sharof va Sevinchning ajrashayotgani ma’lum bo‘lgan paytga to‘g‘ri kelgani sabab bo‘lgandir balki?
— Bo‘lishi mumkin.
— Sevinchga nisbatan atay shunday yo‘l tutildi deganlar ham bo‘ldi?..
— Bu narsa xayolimga ham kelmagan, ammo Sevinch Mo‘minovaning muxlislari meni haqoratli so‘zlar bilan xafa qilishdi. Ochig‘i, kutilmagan hodisa bo‘lganidan nima qilishni bilmay qoldim, axir loyihada ishtirok etayapman, deb o‘ylagandim-da. Bu yoqda esa bunaqa gaplar... O‘zingiz o‘ylang, o‘zim bu xonandaning muxlisi bo‘lsam, nega endi yomonlik qilishim kerak unga?
— Adashmasam, qaysidir filmda Sevinchning qo‘shiqlarini kuylagansiz?
— «Meni sev» kartinasida rejissyor qaysi xonandaning qo‘shiqlarini ijro qilolasiz, deb so‘ragan. O‘ylab o‘tirmay Sevinchni aytganman. Sevinch bilan bog‘lanib, film uchun taronalaridan foydalanishimiz va men kuylashim haqida aytilgan, roziligi olingan. Bor gap shu.
— «Kelin-kuyov» loyihasida suratga tushayotganingizda bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz bilan arazda bo‘lgan ekansiz?..
— Boya aytdim-u, munosabatlarimizda tanaffus bo‘lgan deb, bu o‘sha edi. Loyiha tashkilotchilari undan avval ham aytishgandi, qatnashing deb, negadir arazlashgan paytimiz «xo‘p», deb yubordim.
— «Senimi shoshmay tur» debsiz-da, kuyovbolaga?..
— Yoshligimga borib, balki shunday o‘ylagandirman. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, sevishgan ikki inson o‘rtasida bo‘ladigan gina-kudurat bu. Lekin shu loyihada ishtirok etganimning munosabatlarimizga ijobiy ta’siri bo‘ldi.
— Loyiha sabab yarashib oldik deng?..
— (kuladi) Darrov emas, salgina vaqt o‘tib, munosabatlarimiz qayta tiklandi. Kimdir yo nimadir sabab bo‘ladi deyishgani shu bo‘lsa kerak-da.
— Bundan buyog‘iga arazlashib qolsangiz ham bu tariqa jahlini chiqarmang. «Nomer»ingiz qimmatga tushishi mumkin, bilasiz-a?..
— Endi qayoqda, bir oydan keyin turmushga chiqayotgan bo‘lsam, axir. Oilali bo‘lgach, bu kabi erkaliklarga chek qo‘yiladi.
— Kuyovbolaning oila a’zolari aktrisa ekaningizga qanday qarashadi? To‘ydan keyin «Sitora Alimjonova kinodan ketarmish» degan xabar chiqmasa deyman-da, mabodo.
— Kinodan ketmayman, bunisi aniq. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘imning yaqinlari san’atni tushunadigan insonlar. Kichik tanaffus olishim mumkin. Ammo aktrisalik faoliyatiga nuqta qo‘yishni o‘ylamayapman.
— Boyadan beri to‘y haqida gaplashayapmiz-u, kelinlik vazifalariga qay darajada tayyorsiz, so‘ramabman?..
— Hozirdan o‘zimni tayyorlab borayapman, yaxshi kelin bo‘lishga. Tushunmaganlarimni qaynonam, opamdan so‘rab bilib olaman. O‘rganishdan sira ham og‘rinmayman, asta-sekin kelinlik vazifalariga moslashib olaman.
— Sizning ishtirokingizda so‘nggi tomosha qilgan filmim «Yuzsiz» bo‘ldi. Ochig‘ini aytish kerak, ijodiy o‘sish sezildi.
— Rahmat! Bu rol o‘zimga ham manzur keldi, sababi avvalgilaridan farq qiladi. Ammo mendagi ijodiy o‘sishda Durdona To‘laganovaning hissasi katta. Durdona opa ssenariyni men bilan maslahatlashib, imkoniyatlarimdan yanada ko‘proq foydalanishimni ko‘zlab yozdilar. Menga yoqdi. Aksariyat rejissyorlar tashqi ko‘rinishimdan kelib chiqib, yosh qizlarni berishadi. Erka, tantiq qiz rolidan zerikdim, xarakterli, dramatik obrazlarni xohlayapman. Maromiga yetkazib ijro qilolaman ham. Shu kunlarda rejissyor Nozim To‘laxo‘jaevning «Yolg‘on girdobi» kartinasida suratga tushayapman. Bu ijodkor bilan ishlash juda maroqli.
— «Yuzsiz»da qaynonangizning xarakteridan norozi bo‘laverasiz. Turmushda asli bundan-da qaltisroq vaziyatlar bo‘lishi mumkin, qanchalik sabrli bo‘lolasiz?
— Bo‘lajak qaynonam bilan xarakterimiz o‘xshash. Nasib qilsa, tezda til topishib ketamiz.
— Qaynona kelinning tuprog‘i bir joydan olinadi, deyishardi...
— Chindan ham shunday, dunyoqarashlarimiz bir-biriga yaqin, deb o‘ylayman. Ilgari qaynonasi sabab turmushi bo‘lmaganlar haqida eshitsam, vahima bosardi, «Ishqilib o‘zimga o‘xshash bo‘lsinda qaynonam», deya. Astoydil so‘ragan ekanman, niyatimga yetayapman.
— Yangi hayot ostonasida nimaniki niyat qilsangiz, bari ijobat bo‘lsin! To‘ydan keyin yana ko‘rishamiz, kelinchak qo‘lidan choy ichish bahonasida...
— Albatta! Nasib qilsin!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi