Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Sitora Alimjonova: "O‘zimni 100 foiz omadliman deb ayta olmayman"


Bugunga qadar yetarlicha muxlislar topishga ulgurgan, samimiy, har qanday g‘amini tabassumi ortiga berkita oladigan aktrisa Sitora Alimjonova bilan Kunutun nashri suhbat uyushtirdi. E’tiboringizga ushbu intervyuni havola etamiz.

— Eng xushchaqchaq aktrisalardan biri sanalasiz. Aytingchi, har qanday muammo-yu tashvishlarni ham kulgu bilan yenga olasizmi?

— Endi, majbursiz. Ko‘pincha shunaqa qilaman. Atrofdagilarga ichingizdan nimalar o‘tayapti, nimalarni his etyapsiz, albatta, ko‘rsatgingiz kelmaydi. Uni yuzaga chiqarganingiz bilan nima foydasi bor?! Shuning uchun doim kulib yurishga harakat qilaman.

— Negadir kinoda kamnamosiz.
— Turmushga chiqdim, oila, sog‘lig‘im bilan ozgina muammo bo‘lgani uchun ko‘p s’yomkalarni rad etdim. Lekin, shunga qaramasdan, hali ekran yuzini ko‘rmagan kartinalarim bor. To‘yimdan keyin anchagina serial, kinolardagi ijrolarim bor.

— Ko‘pchilik san’atkorlar e’tibordan chetda qolishdan cho‘chiydi. Sizchi?
— Bilmadim, bunday holatga tushmaganim uchun his etolmayman. Inson boshiga tushganda biladi. Lekin, nazarimda, faqat Yaratganning aytgani bo‘ladi. Mana bir paytlar muxlislari ko‘p bo‘lgan, doimiy e’tiborda bo‘lganlar bugun chetroqda. Demoqchimanki, borgan sari yangi qiyofalar, yangi yulduzlar porlab chiqaveradi. Bizdan keyin ham keladiganlar bor. Muxlislar yodidan chiqmasak-da, baribir ham chetroqda qolaveramiz. Bu hayot qonuniyati, bunga ko‘nikish kerak.

«Hayotda ko‘p kulsam-da, kadrda yig‘lashim osonroq»


— Aytingchi, kinoda sizga topshirilgan rolni ssenariyda qanday bo‘lsa, shundayligicha ijro etasizmi yoki unga qo‘shimcha kirita olasizmi?
— Har doim ham emas. Albatta, rejissyor bilan maslahatlashaman.

— Ko‘pincha Durdona To‘laganovaning filmlarida suratga tushasiz. Nega?
— Durdona To‘laganova bilan opam Dildora Hoshimova orqali tanishganmiz. Shu inson meni kino olamiga olib kirdi, aktrisa sifatida kashf qildi. 3-4 kartinalarida suratga tushganman. Shuning uchun meni hamma faqat Durdona To‘laganova filmlarida o‘ynaydi, deb hisoblaydi. Lekin unday emas.

— Umuman o‘zingizga qaysi rejissyorlar bilan ishlash ko‘proq yoqadi?
— Barcha rejissyorning o‘ziga yarasha usuli, qarashlari bor. Lekin ko‘proq yaxshi kelishib ishlaydigan rejissyorim bu Ozod Shams. Ularning ishlash usuli, tushuntirishlari yaxshi. Bundan tashqari, Mirmaqsud Oxunov, Nozim To‘laxo‘jaev kabi ijodkorlar bilan ishlash maroqli.

— Siz uchun drama janridagi kartinalarda suratga tushish osonroqmi yoki komediyada?
— Hayotda ko‘p kulsam-da, kadrda yig‘lashim osonroq.

«San’atkor qanday savol bo‘lishidan qat’iy nazar, to‘g‘ri javob berishi kerak»


— Ijtimoiy tarmoqlarda siz haqingizda aytilmagan gap qolmadi. O‘zingizni shuncha negativdan qanday himoya qilasiz? Qanday qilib tushkunlikka tushib qolmaysiz?
— To‘g‘ri bunaqa munosabatlardan keyin har qanday inson tushkunlikka tushadi. Rostmi, yolg‘onmi bu gaplar baribir sizning sha’ningizga qaratilgan. Boshida rosa o‘yladim, tushkunlikka tushdim. To‘g‘risi, yomon ta’sir qildi. Har tomondan yomon fikrlar yog‘ilsa ham, albatta insonga salbiy ta’sir ko‘rsatarkan. Lekin yaqinlarim, muxlislarim omon bo‘lishsin. Ular doim menga gap-so‘zlarga e’tibor qilmasligimni ta’kidlashadi.

— Siz ko‘p suhbatlarda bo‘lasiz. Aytingchi, san’atkor o‘ziga ma’qul kelmagan savollarga ham javob berishga majburmi?
— Shu paytgacha, qanaqa savol bo‘lishidan qat’iy nazar, javob berishga harakat qilganman. Menimcha, javob berish kerak. Ko‘pincha savollar muxlislar tomonidan beriladi, ularga qiziq bo‘lgan bo‘lishi mumkin sizga yoqmagan savol. Shuning uchun ham javob berish lozim.

— Nafsoniyatingizga tegadigan savollar bo‘lsa hammi?
— Agar berilayotgan savol o‘rinli bo‘lsa, hech qachon nafsoniyatingizga tegmaydi. Aksi bo‘lsa ham e’tibor qilmasdan, to‘g‘ri javobni qaytarish kerak.

— O‘zingizni omadliman deb hisoblaysizmi?
— Ko‘p tasodiflar bo‘lib qoladi-da, shunday paytlarda omadli, ekanman-da deb o‘ylab qolaman. Keyin shunaqa bo‘ladiki, hech bir tomonga yo‘l yo‘q, berk ko‘cha. Qaranki, bunday vaziyatlarda ham omadim kelib qoladi. Lekin 100 foiz omadliman deb ayta olmayman. Qachondir omad keladi, qachonlardir aksincha.

— San’atkor boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak, — deyishadi. Sizningcha, hamma san’at vakillari ham bu mas’uliyatni his etyaptimi? O‘zingizchi?
— Hozirda bu fikr ko‘p aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu mavzudagi ko‘p fikrnomalarga duch kelamiz. Lekin o‘ylaymanki, biror narsani ko‘rib, o‘sha tomonga tezda og‘ib ketish, faqat irodasi bo‘sh, kuchsiz odamlarga xos. Har kimning qarashlari turfa.

— Turmush qurdingiz. Hayotingizda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
— Ko‘proq uy qizi bo‘lib qoldim. Qaynona-qaynotamdan alohida yashaymiz-u, lekin baribir ham ayol turmushga chiqqanidan keyin uyi, oilasini ko‘proq o‘ylay boshlarkan.

— Ko‘proq insonlardagi qaysi xislatni hurmat qilasiz?

— Samimiylikni. Borligicha o‘zini namoyon etgan insonlarni hurmat qilaman.

— Ishonuvchanmisiz?
— Judayam.

— Pand yeganmisiz?
— Rosayam. Ishonuvchanligim tufayli.

— Pand yegan insoningizni kechirolasizmi?
— Yo‘q, ular bilan ortiqcha bahslashmayman ham. Lekin bittasini kechirdim, yaqin insonim bo‘lgani uchun.

— Mo‘’jizalarga qay darjada ishonasiz?
— Ishonaman.



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 3698 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Sitora Alimjonova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 21:00
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное