Kecha, 12 may kuni Toshkent shahridagi “Yakkasaroy” restoranida taniqli xonanda, repper Shohruhning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.
Bu to‘y xonandaning aksariyat muxlislarini hayratlantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rafiqasi bilan 2 yoshli o‘g‘il farzandni tarbiyalayotgan Shohruhning endi to‘y qilayotgani haqiqiy yangilik bo‘ldi. Bu hol internet foydalanuvchilari o‘rtasida turli gap-so‘zlar va taxminlarni keltirib chiqardi. Shohruhning o‘zi esa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muxlislariga murojaat etib, kechikkan to‘yi haqida quyidagilarni yozib qoldirdi:
“2,5 yil avval qonuniy Nikoh va ZAGSdan o‘tib, kichkina bayram qilib oila qurganman. Shu yillar sharoit bo‘lmagani uchun to‘y marosim o‘tkazmadim. Kecha yaqinlar uchun to‘y o‘tkazdik, ortiqcha gap so‘zlarga hojat yo‘q”.
Fursatdan foydalanib, tahririyatimiz nomidan Shohruh va uning rafiqasi Zlataga baxt tilaymiz!