Rimning “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatini Italiyaning “Spetsiya” klubida davom ettiradigan bo‘ldi. Bu haqda italiyalik jurnalist Janluka Di Marzio xabar berdi.
Manba xabariga ko‘ra, “Spetsiya” Shomurodov transferi uchun raqobatda “Kremoneze”dan ustun kelgan. “Spetsiya” o‘zbekistonlik futbolchini mavsum yakunigacha sotib olish imkoniyatisiz o‘z safiga qo‘shib olishi kutilmoqda. Klub rimliklarga ijara uchun 1,5 million yevro to‘laydi. Tez orada Shomurodov yangi klubida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Italiya klublaridan tashqari Shomurodovga Ispaniya, Germaniya va Fransiya klublari ham qiziqish bildirgandi.
Joriy mavsumda Shomurodov “Roma” safida 9 ta bahsda maydonga tushib, 2 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. “Transfermarkt” portali futbolchining transfer qiymatini 7 million yevroga baholamoqda.