Xonanda Shahzoda jonli ijroda ijod qilish haqidagi savollarga javob berdi. Uchrashuvdagi qiziqarli savol-javoblarni e’tiboringizga havola etamiz...
— Amerikalik xonanda Ronni Jeyms Dio “Fonogrammada berilgan kotsertga kserokopiya qilingan pul to‘lash kerak”, degandi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
— (Miriqib kuladi) Uni haq yo nohaq, deyolmayman. Jonli ijro qiladigan xonanda albatta o‘z ustida ishlaydi. Bunday hamkasblarimga fonogrammada ishlaydiganlar yoqmasligi aniq. Hamma narsaning o‘z vaqti-soati bor. Lekin ishonchim komil, har bir xonanda jonli ijroga yetib keladi va yutuqlaridan g‘ururlanib yuradi.
— Xonanda Munisa Rizayeva “Xalqalar do‘stligi”ning texnikasi talabga javob bermaydi”, degandi. Ovoz rejissyori Igor Iosis esa aksini ta’kidlagandi...
— Munisaning konsertini ko‘rganman, qiynalganini sezganim yo‘q. Jonli ijrosi menga juda yoqqandi. Aslini olib qarasa, ijodkorning o‘zidan ko‘ngli to‘lmasligi tabiiy hol. “Xalqalar do‘stligi”ning texnikasi esa talabga javob beradi. O‘zimizda ham, Moskvada ham jonli ijroda ishlab ko‘rganim uchun imkoniyatlarni farqlay olaman.
— Munisaning jonli ijrodagi konserti manzur kelganini aytdingiz. Sizning jonli ijrodagi konsertingiz ham muxlislarga manzur kelgan bo‘lardi. Nima to‘sqinlik qilyapti?!
— (Kuladi) Xudo xohlasa, yuz foizlik jonli ijroda konsert beraman. To‘sqinlik bu – o‘zimiz va dangasaligimiz. Ochig‘i, vaqtim kamligi uchun o‘z ustimda ishlashga imkon bo‘lmayapti. Texnika va boshqa holatlarni bahona qilish noto‘g‘ri. O‘zini hurmat qilgan istalgan xonanda jonli kuylay oladi, bu aniq.