“Sevimli” telekanalida pornografik kadrlar efirga chiqdi. Ayb kimda?
O‘zbekistonda “Sevimli” telekanalining kun sayin tomoshabinlari soni ortib, media bozoridagi o‘rni mustahkamlanib bormoqda. Biroq telekanal xato va kamchiliklardan xoli emas. Kecha, 15 iyul kuni ushbu kanal orqali efirga uzatilgan lavhalar esa ayni vaqtda internet olamida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Gap shundaki, 15 iyul kuni soat 22:30 da ko‘rsatilgan filmda shahvoniy kadrlar efirga berilgan. Ushbu lavhalar esa allaqachon Telegram, Facebook va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishga ulgurdi. Mazkur holat bo‘yicha telekanal ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bayonot bilan chiqdi va tomoshabinlardan uzr so‘radi. Unda shunday deyiladi:
“Sevimli” telekanali o‘z tomoshabinlaridan uzr so‘raydi. Kanalimiz muxlislariga ma’lumki, biz o‘zbek milliy kinolari bilan bir qatorda xorij kino ijodkorlarining tarixiy va zamonaviy mavzudagi filmlarini namoyish etib kelamiz. Mazkur filmlar ko‘pchilik tomoshabinlarga manzur bo‘layotganligi kanal ijtimoiy tarmoqlarida bildirilayotgan fikr-mulohazalardan ma’lum.
Biroq, ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi deganlaridek, 15 iyul kuni kech soat 22:30 dan keyin efirga uzatilgan filmda texnik xato tufayli milliy axloqimizga zid qisqa epizod o‘tib ketib qoldi. O‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilgan barcha xodimlar ishdan bo‘shatildi. Bunday xato takrorlanmasligi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rildi va belgilandi.
Ushbu holat munosabati bilan kanalimiz ijodiy jamoasi barcha teletomoshabinlardan uzr so‘raydi”.
Eslatib o‘tamiz, bunday holat O‘zbekistonda boshqa xususiy telekanallar faoliyatida ham uchragan.