Bir guruh o’zbek kino ijodkorlari tomonidan navbatdagi kinokartina suratga tushirildi. Bu film «Salom gruppadagilar» deb nomlanadi. Bu nom, bu so’z sizga juda ham tanish! Shunday emasmi? Ha, bu aynan o’sha Yulduz ismli qizning «WhatsApp» mobil dasturi orqali tarqalgan videosida ishlatilgan eng ommabop so’zidir.
Buni qarangki, birgina mana shu video sababli butun boshli bir film ham suratga tushirildi. Darhaqiqat, Yulduz ismli qizning videoroliklari mobil aloqalar orqali sayohatga chiqqan paytda, O’zbekistonda uni oldiga tushadigan haqiqiy ma’nodagi yulduzni topish mushkul edi. Uning eng ommabop so’zi esa albatta «Salom gruppadagilar» so’zi edi. Aktrisa Shahzoda Muhammedova rejissor Dilshod Ahmedovning «Salom gruppadagilar» filmida aynan o’sha siz bilgan Yulduz ismli qiz obrazini talqin etadi. Nazarimda aktrisa ushbu qizni so’zlash monerasini juda ham yaxshi o’xshata olgan. Buni bugun prem’eraga tashrif buyurgan minglab tomoshabinlarning olqishlaridan, chalgan xushtaklaridan anglash mushkul emas edi. Bugun bo’lib o’tgan prem’erada anchadan buyon kuzatilmayotgan holatga guvoh bo’ldik. Anchadan buyon Alisher Navoiy kinosaroyini bu qadar liq to’la tomoshabin bilan ko’rmayotgan edik. Ushbu film prem’erasida kutilmagan darajada ko’p kinotomoshabinlar tashrif buyurishdi. Turib tomosha qilgan 50-60dan ziyod tomoshabinni ham ko’rishingiz mumkin edi. Shuncha muxlislarni yig’a olgan rejissor Dilshod Ahmedovni tabriklashimiz mumkin, nazarimda. Endi eng muhimi ertadan boshlab bo’lib o’tadigan har bir namoyishga tashrif buyuradigan kinoixlosmandlar ham ko’p bo’lsa bo’lgani. Filmdagi bosh rollardan yana birida iste’dodli aktyor Adiz Rajabov o’z rolini a’lo darajada ijro etganligini aytib o’tish o’rinli. Kinoprem’erani olib borish ustoz san’atkor Lutfulla Sa’dullaevga topshirildi. Kino ijodkorlar tanishtirilishlaridan avval esa, tashrif buyurganlarni ko’nglini olish uchun xushovoz xonanda Dilso’z o’z qo’shiqlarini ijro etib berdi.