Rustam Sa’diev: "Majnun" ayrim filmlar kabi xor bo‘lmasligi aniq!
O‘zbek kino olamida “Baron” filmidan keyin “Majnun”ning shov-shuvlari jamoatchilik orasida keng tarqadi. Bu filmning katta ekranlarga chiqishiga sanoqli kunlar qolgan bo‘lsa-da, treyler va turli rasmlardan tomoshabop bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu borada mutaxassislar va rejissyorlarning qanday fikrda ekani ham qiziq, albatta. Jurnalist Jasur Hamroyev rejissyor Rustam Sa’dievga “Baron”dan keyin vujudga kelgan katta raqobatga “Majnun” dosh bera oladimi?” degan savol bilan murojaat qildi. Bu savolga “Har bir filmning o‘z fayzi bo‘ladi. Ob-havo haqida oldindan taxmin qilish mumkin-u, biroq, har doim ham aytilganiday quyosh chiqmaydi, qor yo yomg‘ir yog‘maydi. Shu kabi “Majnun” qay darajada muvaffaqiyatga erishishi haqida oldindan bong urishga shoshish yaramaydi. Biroq, ishonamanki, bu kartina ayrim filmlar kabi xor bo‘lmasligi aniq! “Majnun” – Jahongir Ahmedov ijodidagi jiddiy burilishdir. Eng ahamiyatlisi, yangi kartina eng talantli aktyorlarni jamlagan. Iste’dodli operator ishi va original musiqiy yondashuv ham kartinaning tomoshabopligini ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi”, deya javob qaytargan. Eslatib o‘tamiz, rejissyor Jahongir Ahmedov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Majnun” filmi premerasi 6 mart kuni Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomli kinosaroyda bo‘lib o‘tishi haqida ma’lum qilgandi.