Erkin Komilov o‘z haqiqatini aytdi! Rustam Sa’diev ham!
Sevimli aktyor Erkin Komilov yaqindagina “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusidan so‘ng shov-shuv ko‘tarildi. Aktyorga ko‘ra, uning “O‘gay ona”dagi roli uchun to‘langan gonorar qoniqtirmagan. Yana u rejissyordan “Sizni qaytib filmlarimga taklif etmayman” degan javobni ham olgan. Qiziq, uch yil oldin bo‘lib o‘tgan bu achchiq yo istehzoli holni eslashga aktyorni nima majbur qildi? Xullas, xalq artisti xalqqa gonorar bilan bog‘liq shov-shuvni yoydi. Xalqning sevimli rejissyorlaridan biri Sa’diev esa hayratda.
Agar, Komilovdek darg‘aga gonorar kam to‘langan bo‘lsa, bu rejissyor bilan hamkorlik qilgan boshqa aktyorlar bilan ham shunday “qaltis” munosabat kuzatilgan bo‘lishi mumkin... Shu boisdan, bir necha aktyor va aktrisalar bilan Sa’diev to‘lagan gonorarlardan qanchalar rozi ekanliklari bilan qiziqdik. Eng qizig‘i, hech biridan salbiy javob olmadik.
Erkin Komilovning aytganlarini eshitdik. Rustam Sa’dievni ham tinglash bu masalani yanada ochiqlashiga shubha yo‘q.
(Rustam Sa’dievdan yozma ravishda javob oldik. Va hech qanday tahrirsiz hukmingizga havola etishni lozim topdik.)
-O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov salobatli, keng ampluali aktyor, buyuk Shukur Burxonovdek ustozining haqiqiy maktabini olgan sadoqatli shogirdi - bu haqiqat.
Odatda, film ssenariysi tayyor bulganida, rejissyor har bir obrazda har qanday aktyorlarning ijrosini tassavur qilib ko‘rib, keyin bir rolni ijro etish uchun 5-10 ta aktyorni kinoprobaga chaqiradi. Qaysi biri ma’qul kelsa, o‘shani rolga tasdiqlaydi.
Erkin Komilovga kelsak, men kimni rolga taklif qilsam, oldindan hamma tomonini gaplashib olib, keyin rol bo‘yicha ishlashni boshlayman va iloji boricha, gonorar masalasini o‘zim gaplashmaslikka harakat qilaman. Lekin oxir-oqibat aksariyat aktyorlar rejissyor bilan o‘zim gaplashaman deyishadi ( albatta, bu xususiy kino sektorida). Majbur bo‘laman, pul masalasi bo‘yicha ham gaplashishga.
Shuncha gapirgan gaplaridan bir gapimni to‘gri aytibdi: “Men sizni kinoga olmayman”!
DIKKAT!!! Endi meni haqiqatim:
Bu vokeaga 3 yil bo‘ldi. Shahlo Ahrorova bilan hamkorlikda "O‘gay ona" deb nomlangan ssenariyni yozib tugatdik va shu filmda ota roliga bir necha aktyorlarni kinoproba qilishni rejalashtirdik va shulardan biri Erkin Komilovga ssenariy berdim va 2-3 kunlardan keyin
“Rustam menga ssenariy yokdi. Kennayinggayam, shu jumladan” deb aytdi. Bu ota roli aslida Matyoqub Matchonovga mo‘ljallangan rol bo‘lgandi, lekin baxtga qarshi men s’yomkani belgilagan muddatda Matyoqub akani s’yomkasi bo‘lgani uchun Erkin akada hech qanday kinoprobasiz to‘xtaldik. Bunga asosiy sabab men Erkin aka bilan birinchi marotaba ishlashim bo‘lgani uchun xolos. O‘zbekiston xalk artisti Erkin Komilov men uchun oddiy bir aktyor va albatta, o‘ziga yarasha san’atda o‘rni bor, talantli. Lekin bunaqa aktyorlar bizda ko‘p. Yana Erkin akaga qaytamiz. Xullas, Erkin aka turmush o‘rtog‘i bilan oldimga keldi va men birinchi bergan savolim: 4-5 kun s’yomka qilamiz, siz qancha gonorarga o‘ynab berasiz? Aka andisha qildimi, “Bilmadim, xafa qilmassan” dedi. Shuncha yillik tajribamdan kelib chiqib, men hisobli do‘st degan tushuncha bor desam, Erkin aka bir summani aytdi va albatta, men unga unaqa sharoitim yo‘q, aytganingizning yarmini beraman dedim. S’yomka kunini so‘rab, keyin chiqib ketishdi. Oradan bir necha kun o‘tib, yana qo‘ng‘iroq qildi. Yana shu masala yuzasidan gap ochdim. Shunda Erkin aka “Qo‘shib berolmiysanmi?” dedi. Men keskin ilojim yo‘q dedim. Bo‘lmasa, men sizni umuman kinoga ololmas ekanman dedim. U menga “Unda men och qolar ekanman-da” dedi. Keyin Erkin aka sal kechroq yana qo‘ng‘iroq qilib, “kennaying sening ijodingni hurmat qilarkan, bergan puliga karamang, shu rolda o‘ynang deb aytdi” dedi. Shu bilan s’yomka boshlanib ketdi. Ovoz yozish etapi tugagunicha men joyida kelishilgan summani tiyin-tiyinigacha qo‘liga berdim. Premera bo‘ldi. Aka juda xursand bo‘ldi. Banketda meni juda qattiq hurmat bilan tilga oldi. Eng qizig‘i, shu voqeaga 3 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu kungacha qaerda uchrashib qolsak, juda iliq so‘rashib kelgan. Xullas, shunaqa gap. Men bir narsaga hayronman, O‘zbekiston xalq artisti darajasidagi aktyor keng ommaga gonorar mavzusini olib chiqishi to‘g‘rimikan? Bilmadim, tag‘in...
Nima bo‘lgandayam, sizni hurmat kilaman. Sog‘-salomat bo‘lib, tomoshabinni xursand kilib yuring, Erkin aka” – deya o‘z haqiqatlarini bayon qiladi, Sa’diev.
Aktyor ham, rejissyor ham o‘z vijdoniga tayanib ichidagilarini aytdi. Aytib oldi! Arzimagan gonorar deya, ustiga-ustak o‘tgan bir kichik ishni “pashshadan fil yasagandek” muammo darajasida ko‘tarish yaramaydi. Muhimi, oqibat yo‘qolmasin! Yaqin yillarda bu ijodkorlar yangi filmlarda yana hamkorlik qilishiga umid qilib qolamiz!